3 dekabr kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti shafeligida Markaziy Osiyo tadbirkor ayollari Diskussion klubining inauguratsion yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Oliy Majlis Senati va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining «Markaziy Osiyo tadbirkor ayollari» dasturi hamkorligida tashkil etilgan. Unga «Tadbirkor ayollarni moliyalashtirish tashabbusi» (We-Fi) homiylik qilmoqda.

Tashkilotchilar taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, diskussion klub ayollar tadbirkorligi sohasida muntazam fikr almashish va ilg‘or tajribalarni yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlikni rivojlantirish, hududiy savdo, investitsiyalarni jalb etishning dolzarb masalalarini muhokama qilishga qaratilgan. Shuningdek, klub Markaziy Osiyo davlatlarining tadbirkor ayollari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishni ko‘zda tutadi.

BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Miryana Spolyarich Egger ushbu diskussion klub ayollar tadbirkorligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini o‘rganish, dolzarb muammolarni aniqlash va birgalikda yechim topishga qaratilgan ajoyib tashabbus ekanini ta’kidlagan.

O‘zbekiston Senati raisi, Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari muloqoti raisi Tanzila Narbayeva ishbilarmon ayollar, hukumatlar va parlamentlar vakillarini hamda xalqaro hamkorlarni birlashtirgan Markaziy Osiyo tarixidagi ilk mintaqaviy platforma — Diskussion klubni tashkil etishning muhimligini qayd etgan.

Tadbir doirasida mintaqa mamlakatlarida ayollar tadbirkorligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari hamda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga ko‘maklashishda hukumatlarning o‘rni muhokama qilingan. Xotin-qizlar tadbirkorligi bo‘yicha vakillar hozirgi huquqiy muhitning ularning kundalik faoliyatiga ta’siri, yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish yo‘llari haqida o‘z fikr va mulohazalarini bildirgan.

Ma’lumot uchun, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti — 2020 yil dekabrda bo‘lib o‘tgan mintaqa yetakchi ayollarining birinchi uchrashuvida rasman ish boshlagan norasmiy koalitsiyadir. Muloqotda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston vakillari ishtirok etadi. Birinchi yil unga O‘zbekiston raislik qilmoqda.