1 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.

So‘nggi vaqtlarda Saudiya Arabistoni va O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanib, kunlik kasallanish darajasi tushib bormoqda, vaksina olgan aholi soni oshib, cheklovlar ham yumshatilmoqda.

«Ayni kunlarda O‘zbekiston mo‘min-musulmonlari katta intiqlik bilan umra mavsumining boshlanishini kutishmoqda. Umid qilamizki, tez orada mavjud ehtiyot choralari ham yumshab, yurtimiz musulmonlari yana emin-erkin umra ibodatlarini ado etish saodatiga erishadilar, insha Alloh», — deyiladi xabarda.

Avvalroq, Saudiya Arabistoni 10 avgustdan boshlab xorijlik ziyoratchilar uchun Umra mavsumi tiklanishini e’lon qilgandi. Ziyoratchilar koronavirusga qarshi Pfizer, Moderna, AstraZeneca yoki J&J vaksinalari bilan to‘liq emlangan bo‘lishi kerak.

Oldinroq, mart oyida Saudiya Arabistoni hukumati koronavirusga qarshi emlangan insonlarga kichik va katta haj ziyoratlari uchun ruxsat bergan edi. Mamlakat o‘tgan yil noyabridan 50 yoshdan katta bo‘lmagan ziyoratchilarni manfiy natijali PZR-test bilan Umra ziyorati uchun kiritishni boshlagan edi.