«Gazeta.uz» 2021 yil 1 dekabrdan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Davlat organlari faoliyatining ochiqligi baholanadi

Prezident farmoniga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini monitoring qilish va ochiqligini baholash metodikasi asosida har yil yakuni bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining Ochiqlik indeksi aniqlanadi.


2. Ayrim sud ishlari telekanallar orqali jonli efirga uzatiladi

Prezident farmoni bilan quyidagi tadbirlar telekanallar, shuningdek, internet orqali jonli efirga uzatiladi:

  • Qonunchilik palatasi va Senat majlislari, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari;
  • taraflarning roziligi bilan ayrim huquqbuzarliklarga va oilaviy nizolarga oid fuqarolik sud ishlari.

3. Ko‘chma savdo faoliyatini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi soddalashtiriladi

Prezident qaroriga asosan ko‘chma savdo faoliyati tadbirkorlar tomonidan ko‘chma savdo obyektlarini elektron tarzda «K — SAVDO» avtomatlashtirilgan axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘im undirilmaydi.

Ko‘chma savdo joyi (xususiy mulkdorlarga tegishli joylardan tashqari) ko‘chma savdo obyektlarining joylashish sxemalari bo‘yicha «K — SAVDO» AAT orqali elektron auksionda sotiladi.

Bunda, auksionning boshlang‘ich narxi tegishli tuman va shahardagi yer uchastkasining yer solig‘i miqdorida belgilanadi.

Auksion g‘olibi tomonidan ko‘chma savdo joyining qiymati to‘liq to‘langanidan so‘ng unga «K — SAVDO» AAT orqali avtomatik ravishda QR-kodli guvohnoma beriladi va u 36 oy muddatga foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda shartnoma tuzish talab etilmaydi.


4. Xarid komissiyasining ayrim vakolatlari bekor qilinadi

Prezident qarori asosida Xarid komissiyasining ma’lumotlar haqqoniyligini tekshirish va ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish vakolatlari bekor qilinmoqda.


5. Endi chet eldagi o‘zbekistonliklar ham davlat xizmatlaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi

Prezident farmoni bilan chet elda doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek xorijiy jismoniy va yuridik shaxslar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoni yaratiladi. Buning uchun O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari ularga ERI kaliti sertifikatlarini beradi.

O‘zbekistonda doimiy yashamaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga JSHSHIR soddalashtirilgan tartibda tuman (shahar) migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarida hamda DXMlarda beriladi.

Litsenziya, ruxsatnoma, sertifikat va boshqa ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning dublikatini berish uchun qonunchilik hujjatlarida milliy valyutada belgilangan to‘lovlarni BHMning 10 foizigacha miqdorda belgilandi.

Qonunchilik hujjatlarida to‘lovlar belgilanmagan yoki BHMning 10%idan kam miqdorda belgilangan hollar bundan mustasno. Bunda QR-kod qo‘yilgan litsenziya, ruxsatnoma, sertifikat va boshqa ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning dublikatlarini berish uchun to‘lov undirilmaydi.


6. Davlat organlari korrupsiyaga qarshi kurashish haqida hisobot beradi

Prezidentning qaroriga ko‘ra, har yil yakuni bo‘yicha barcha davlat tashkilotlari, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reytingni e’lon qilinadi.


7. Bojxonada yagona hisobvaraq asosida oldindan to‘lash amaliyoti joriy qilinadi

Prezident farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston Davlat chegarasi orqali avtomobil o‘tkazish punktlarida:

  • veterinariya va fitosanitariya organlarining tovarlarga tegishli hujjatlarni tekshirish va rasmiylashtirish vazifalari «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi yoki unga integratsiyalashgan axborot tizimlari orqali amalga oshiriladi;
  • veterinariya va fitosanitariya organlari tomonidan tovar-transport hujjatlariga muhr bosish va ularni ro‘yxatga olish amaliyoti bekor qilinadi;
  • to‘lanadigan barcha yig‘imlarni transport vositalari chegara punktiga kirgunga qadar yagona hisobvaraq asosida oldindan to‘lash amaliyoti joriy etiladi.

8. Elektron cheklarda fiskal belgilar aks ettiriladi

Prezident qaroriga binoan elektron cheklarda elektron to‘lov tizimlari xizmatlari yordamida amalga oshirilgan tranzaksiyalarning («P2P» to‘lovlari bundan mustasno) elektron cheklarida avtomatik tarzda shakllanuvchi fiskal belgilarni majburiy aks ettirish talabi o‘rnatiladi.


9. Shartnomalarni tuzish tartibi soddalashtiriladi

Prezident farmoniga asosan quyidagilar bekor qilinmoqda:

  • a) tijorat banklariga yetkazib berilgan mahsulot (bajarilgan ishlar, ko‘rsatilgan xizmatlar) uchun to‘lovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilishga qo‘yilgan taqiq;
  • b) quyidagilarni belgilashga doir talablar:
  • davlat ulushi 50% va undan yuqori bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mahsulotlarni yetkazib berish (ishlarni bajarish, xizmatlarni ko‘rsatish) to‘g‘risida tuziladigan shartnomalarida majburiy ravishda oldindan to‘lovni;
  • qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilari va tayyorlov tashkilotlari o‘rtasida tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda avansni.

Jismoniy shaxslarga qarz shartnomalarini notarial tasdiqlash orqali chet el valyutasida o‘zaro qarz berish va qaytarib olishga ruxsat beriladi.


10. Orolbo‘yi kardiologiya tibbiyot markazi imtiyozga ega shaxslarga davolanishga yo‘llanma beradi

Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, Orolbo‘yi mintaqasi ixtisoslashtirilgan kardiologiya va kardioxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilgandi.

Dekabr boshidan mazkur tibbiyot markazi davlat budjeti mablag‘lari hisobiga imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni elektron axborot tizimi orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llash tizimiga ulanishni ta’minlaydi.