25 noyabr kuni Turkmaniston jamoat tashkilotlari markazida o‘tkazilgan yig‘ilishda 2022 yil shiori e’lon qilindi, deya xabar qildi Davlat axborot agentligining «Zolotoy vek» elektron nashri. Unga ko‘ra, «Xalqning Arkadag‘li zamonasi» kelgusi yil shiori sifatida shiori tanlangan.

Ta’kidlanishicha, yangi yil shiori yuzasidan aholi takliflari o‘rganilgan.

«Joriy yilning oktabr-noyabr oylarida mamlakatimiz jamoat tashkilotlari vakillik, etrap va shahar birlashmalari hamda ularning bo‘limlari mehnatkashlari va a’zolarining yig‘ilishlari o‘tkazilib, unda 2022 yil shiorini belgilash bo‘yicha takliflar muhokama qilingani alohida ta’kidlandi», — deyiladi xabarda.

Ilgari surilgan takliflarni o‘rganib, 2022 yil shiorini mamlakat rahbari Arkadag‘ nomi bilan bog‘lashga qaror qilingan va «Xalqning Arkadag‘li zamonasi» (Halkyň Arkadagly zamanasy) shiori tanlangan. «Bu shior — baxtli davr asosini yaratgan, xalqni, Vatanni yangi marralar sari yetaklovchi qahramon prezidentimizga yuksak hurmat-ehtiromdir», — deyiladi xabarda.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar taklifni bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashgan. Shuningdek, tadbir davomida Turkmaniston tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishi «avvalgidek tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni yanada har tomonlama mustahkamlash, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgani» alohida qayd etilgan.

Ma’lum qilinishicha, mamlakat prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov tashabbusi bilan Turkmanistonda har bir yil muayyan shior ostida o‘tkaziladi. Xususan, 2021 yil mamlakatda «Turkmaniston — tinchlik va ishonch yurti» shiori ostida o‘tmoqda.