Osiyo taraqqiyot banki Toshkent viloyatida ishonchli suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlaridan foydalanishni yaxshilaydigan oqava suvlarni boshqarishning integratsiyalashgan tizimini rivojlantirishga ko‘maklashish uchun 161 mln dollar miqdorida kredit ajratishni ma’qulladi, deb xabar berdi bank matbuot xizmati.

Loyiha doirasida Ohangaron, Olmaliq, Angren, Bekobod, Chirchiq, Yangiyo‘l va Chinoz shaharlarining markazlashgan oqava suv tizimlari modernizatsiya qilinadi. Shuningdek, tozalash inshootlari va kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek, 800 mingdan ortiq aholi uchun suv hisoblagichlarini o‘rnatishni qo‘llab-quvvatlanishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Chinoz, Yangiyo‘l va Zangiota tumanlaridagi 70 ta qishloq aholi punktlarida 136 ming nafar aholiga septiklar o‘rnatilib, markazlashtirilmagan kanalizatsiya tarmoqlariga kirishi ta’minlanadi.

«Ushbu loyiha suv va kanalizatsiya boshqaruvi uchun sun’iy intellekt, masofaviy datchiklar kabi raqamli texnologiyalarni o‘z ichiga olgan aqlli yechimlarni namoyish etadi», — dedi OTB shaharsozlik bo‘yicha katta mutaxassisi Jung Xo Kim.

OTB, shuningdek, institutsional islohotlarni amalga oshirish va salohiyatni oshirish uchun 800 ming AQSh dollari miqdoridagi texnik yordam grantini taqdim etadi.