Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ish beruvchilarga vaksina olmagan xodimlarini ishdan chetlashtirish tartibini tushuntirdi.

Mehnat kodeksining 113-moddasida, karantinli va odam uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi mavjud bo‘lganda bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida qonunchilikda belgilangan tartibda joriy etiladigan profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan taqdirda (sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra qarshi ko‘rsatma mavjud bo‘lmaganda) ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli.

Vaksina olmaganlik uchun ishdan chetlatish tartibi

Ishdan chetlashtirish bo‘yicha buyruq chiqarishdan avval xodimdan эмлашни rad etish bo‘yicha yozma ariza olinadi. Agar xodim yozma ariza berishdan bosh tortsa, xodimning emlanishni rad etganlik va bu bo‘yicha ariza berishdan bosh tortganligi yuzasidan dalolatnoma tuziladi. Ishdan chetlashtirish bo‘yicha buyruq bilan xodim imzo qo‘ygan holda tanishtiriladi.

Bosh sanitariya vrachining qaroriga asosan profilaktik emlashlar o‘tkaziladigan shartlar olib tashlanguncha, ammo, bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida qonunchilikda belgilangan tartibda joriy etiladigan bitta profilaktik tadbir bo‘yicha jami uch oydan ortiq bo‘lmasligi kerak.

Xodim ishdan chetlashtirilgan davrda unga ish haqi hisoblanmaydi.

Xodim ishdan chetlashtirilgan bo‘lsa, ish beruvchi va xodim o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi, mehnat intizomi to‘g‘risidagi nizom va ustavlari, ichki mehnat tartibi qoidalarida belgilangan ishdan chetlashtirishning maksimal muddati davomida, tibbiy qarshiliklar bo‘lmaganda emlashdan bosh tortgan xodimlarga nisbatan Mehnat kodeksining 181-moddasiga muvofiq intizomiy jazo qo‘llanilish choralari nazarda tutilishi mumkin.

Xodimning sog‘lig‘i holatiga ko‘ra profilaktik emlashdan o‘tishni rad etadigan qarshi ko‘rsatma mavjud bo‘lganda ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq xodim masofaviy ish rejimiga o‘tkazilishi mumkin.

Mehnat vazirligi «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksini SSVning emlash.uz axborot tizimiga integratsiya orqali ish beruvchilarning shaxsiy kabinetida «Koronavirusga qarish emlanganlar soni» va «Koronavirusga qarshi emlanmagan xodimlar ro‘yxati» yuritilayotganini eslatib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlari va budjet tashkilotlarida emlanishdan bosh tortgan jami 26 008 nafar shaxslar ishdan vaqtinchalik chetlatilgani haqida xabar berilgan. Yana 2 225 ta xolatda ish beruvchiga nisbatan jarima chorasi, 175 ta obyektga nisbatan esa faoliyatini vaqtinchalik muddatga to‘xtatish chorasi qo‘llanilgan.