O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kremlda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muxokaralar o‘tkazdi. Bu haqdaq davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Vladimir Putin uchrashuv avvalida davlat rahbarini prezident saylovida ishonchli g‘alaba qozongani bilan yana bir bor tabrikladi va kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

«Biz siz bilan prezident sifatidagi ilk qadamlaringizdanoq sizni juda ko‘p va juda qiyin ishlar kutib turgani haqida ko‘p marta suhbatlashgandik», — dedi Rossiya prezidenti, deya iqtibos keltirdi Rossiya rahbari matbuot xizmati. Shavkat Mirziyoyev «og‘ir» deb qo‘shib qo‘ydi.

«Ha, qiyin, lekin muvaffaqiyatga erishmoqdasiz. Ishonch bilan olg‘a intilyapsiz, mamlakatni ko‘taryapsiz, natijalar ham bor. Odamlar buni ko‘rmoqda, his qilmoqda va shuning uchun ham so‘nggi yillarda qilgan ishlaringizga munosabat bildirishdi. Natija odamlar sizga ishonishidan dalolat beradi», — dedi Vladimir Putin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik «O‘zbekiston imkoniyatlarining o‘sishi, mamlakat fuqarolari farovonligining oshishiga» xizmat qiladi.

«O‘zbekiston nafaqat eng yaqin qo‘shnimiz, balki ittifoqdoshimizdir. Biz O‘zbekistonni aynan shunday qabul qilamiz, — dedi Rossiya prezidenti. — Bu yirik mintaqaviy davlat bo‘lib, bizlarni tarix nuqtai nazaridan ham, bugungi kunda ham ko‘plab jihatlar bog‘lab turadi».

Davlat rahbari Rossiya prezidentiga taklif va iliq qabul uchun minnatdorlik bildirdi.

«Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, keyingi yillarda munosabatlarimizda chinakam ulkan yutuqlarga erishildi — bunday ko‘rsatkichlar ilgari bo‘lmagan. Siz aytganingizdek, tovar ayirboshlash ortmoqda: to‘qqiz oy yakunida besh milliardni tashkil etdi, yil oxirida yetti milliard bo‘ladi. Munosabatlarimizda bunday raqam ilgari kuzatilmagan» — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Bosh vazirlar rahbarligidagi Hukumatlararo komissiya juda jiddiy ishlamoqda — Siz qo‘llab-quvvatladingiz va jiddiy natijalarga erishilmoqda. Tashrifdan avval juda salmoqli ishlar qilindi. Uchta katta tadbir: hududlar, ta’lim va media forumlari o‘tkazildi», — deya qayd etdi O‘zbekiston prezidenti.

Uning ta’kidlashicha, bugun 14 milliard dollarlik loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Jumladan, hududlararo forum doirasida. Uch yil avval Siz bilan ushbu forumni boshlayotganimizda bunday tadbirlar yo‘q edi. Natija esa katta: hududlar uchrashmoqda, hamkorligimizga katta turtki bermoqda.

«Bugungi uchrashuvimiz hududlararo aloqalar, ikki tomonlama hamkorlik, xavfsizlik masalalari, Afg‘oniston masalasini muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyatdir», — dedi prezidentimiz.

Muzokaralarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

2020 yilda o‘zaro savdo hajmi 5,6 milliard dollardan oshgan bo‘lsa, joriy yilning 10 oyida ushbu ko‘rsatkich 6 milliard dollarga yetib, yil yakuniga qadar 7 milliard dollarga yaqinlashishi kutilmoqda. Keyingi to‘rt yilda O‘zbekistonda Rossiya sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni ikki barobarga ko‘payib, qariyb 3 mingtani tashkil etmoqda.

Bugun O‘zbekiston iqtisodiyotida Rossiyadan jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan oshdi. Umumiy qiymati 14 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Prezidentlar iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarini qamrab olgan holda investitsiyaviy hamkorlikni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.

Bunda O‘zbekiston rahbarining tashrifi arafasida o‘tkazilgan II Hududlararo hamkorlik forumi natijalari ham muhim o‘rin tutadi. Zero, forum yakunida sanoat, energetika, transport va farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatiga doir yangi bitim va shartnomalar imzolandi.

Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyot tarmoqlarida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta zaxiralar borligini qayd etdi. Shu munosabat bilan ustuvor sohalarda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik tomonlarni qiziqtirgan masalalarga to‘xtalib o‘tdilar. Mamlakatlar tashqi siyosat va mudofaa idoralari o‘rtasidagi ikki tomonlama maslahatlashuvlarni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi. Mintaqaviy xavfsizlik masalalari va Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

Rossiya tomoni O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik jarayoniga ko‘maklashish borasidagi muhim sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi. Davlat rahbarlari BMT, MDH, SHHT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdilar.

Muzokaralar yakunida prezidentlar Xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida Qo‘shma bayonot qabul qildilar. Tashrif doirasida jami 18 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga tashrifini yakunlab, Toshkentga jo‘nab ketdi.