18 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda quyi palata axborot xizmati xabar berdi. Majlisda deputatlar Davlat bojxona qo‘mitasi raisi lavozimiga Akmalxo‘ja Mavlonov nomzodini ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar.

Davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston prezidentining farmonlari bilan Akmalxuja Yusupovich Mavlonov bosh prokuror o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, DBQ raisi lavozimiga tasdiqlandi. Unga «Bojxona xizmati general-mayori» maxsus unvoni berildi.

Eslatib o‘tamiz, bugun 2018 yilning fevralidan buyon Davlat bojxona qo‘mitasiga raislik qilayotgan Murotjon Azimov Qashqadaryo viloyati hokimi etib tayinlandi.

Akmalxo‘ja Mavlonov tayinlovga qadar O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari, Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i, Xorazm viloyati prokurori, Sirdaryo viloyati prokurori o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

2019 yilning iyul oyida u Namangan viloyati prokurori lavozimiga tayinlangandi.