Jahon banki O‘zbekistonda yoshlarni ish bilan ta’minlash muammolari va ularning potensial yechimlariga bag‘ishlangan yangi hisobotini e’lon qildi.

Hisobotda mamlakat yoshlari mehnat bozoriga kirib borish jarayonida duch keladigan qiyinchiliklarni baholash hamda ularning potensial yechimlarini topish, jumladan, mehnat bozorini taklif tarafidan isloh qilish vositasida mamlakatda yoshlar bandligini oshirish masalalari tahlil qilingan.

Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekistonda 29 yoshgacha bo‘lgan aholi soni 18 millionni tashkil qiladi. Bu Yevropa va Markaziy Osiyo (YeMO) mintaqasidagi boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda eng yuqori ko‘rsatkich. Mamlakatda mehnatga layoqatli aholi soni yaqin o‘n yilda 12 foizga o‘sishi, 2045 yilga borib eng yuqori darajaga yetishi kutilmoqda.

Yoshlar — mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti uchun bir vaqtning o‘zida ham imkoniyat, ham muammo hisoblanadi. Mehnatga layoqatli aholi sonining o‘sishi qashshoqlikni kamaytirish va ijtimoiy-iqtisodiy farovonlikni oshirish uchun katta imkoniyat. O‘z navbatida, mehnat bozorida yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda ishchi kuchiga bo‘lgan talabni rag‘batlantirish vositasida uni o‘sib borayotgan taklifdan ortda qolmasligini ta’minlash — dolzarb masala, kechiktirib bo‘lmas vazifa hisoblanadi.

Xususan, ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda 535 ming nafarga yaqin yoshlar kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan.

Ish topishda qiyinchilikka duch kelgan yoshlar umidsizlikka tushib qolishi va ishchi kuchi safidan chiqib ketishi ehtimoli yuqori. Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda 16−29 yoshdagilarning 26,4 foizini mehnatda, ta’limda yoki professional tayyorlov kurslarida band bo‘lmagan yoshlar (NEET) tashkil qiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston NEET yoshlar o‘rtasidagi gender tafovuti ko‘rsatkichi bo‘yicha YeMO mintaqasida yetakchi. Mamlakatda yosh ayollar NEET darajasi yosh erkaklar NEET darajasidan to‘rt baravar yuqori. Xotin-qizlarning mehnatda kam ishtirok etishi ko‘pincha gender stereotiplari va ijtimoiy me’yorlar bilan izohlanadi.

Munosib ish topish jarayonida katta to‘siqlarga duch kelgan yoshlarda nofaollik va umidsizlik kayfiyati paydo bo‘ladi.

«O‘zbekistonda 15−24 yoshlilar orasida „umidsizlikka tushgan“ yoshlarning ulushi 5 foizga yetadi, 25−29 yoshli yoshlar orasida esa 4 foizgacha kamayadi. YeMO mintaqasidagi aksariyat qo‘shni mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 2,5 foizdan kamroq. Rasmiy bandlik darajasining pastligi va haq to‘lanadigan bandlik uchun imkoniyatlarning yetarli emasligi yoshlar o‘rtasida haq to‘lanadigan mehnat bilan band bo‘lishda asosiy to‘siq hisoblanadi», — deyiladi hisobotda.

Qayd etilishicha, mamlakatda 16 va undan yuqori yoshdagilarning qariyb 5,5 foizi xalqaro mehnat muhojirlari hisoblanadi. Qariyb 90 foizini erkaklar tashkil etuvchi mehnat muhojirlarining katta qismi 25−34 yoshdagilardan iborat. O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari — ishchi kuchining eng yirik importyorlari Rossiya, Qozog‘iston va Turkiya davlatlari hisoblanadi.

Yoshlar bandligini ta’minlashdagi asosiy muammolar

Hisobotda keltirilishicha, qishloq joylarda ish o‘rinlarining yetishmasligi va ishchi kuchiga talabning sustligi, norasmiy bandlikning yuqori darajasi va ish haqining pastligi — mamlakat yoshlari tomonidan yoshlar bandligini ta’minlashda mavjud asosiy muammolar sifatida sanab o‘tilgan.

Bundan tashqari, mehnat bozoriga yangi kirib borayotgan mehnat resurslarini qamrab olish uchun yetarli bo‘lmagan mavjud talab darajasini hisobga olgan holda, quyidagi qator muammolar aniqlangan:

Bilim va ko‘nikmalar yetishmasligi
  • umumiy ta’lim tizimi hamda kasb-hunar ta’limi orqali taqdim etilayotgan texnik ko‘nikmalarning sifati pastligi va ish beruvchilar tomonidan talab qilinadigan bilim va ko‘nikmalarga sezilarli darajada mos kelmasligi;
  • muvaffaqiyatli kichik biznes yaratishni rag‘batlantirishga qaratilgan biznes yoki tadbirkorlik ko‘nikmalari bo‘yicha treninglarning cheklanganligi;
  • o‘z biznesini boshlashda biznes rejani puxta ishlab chiqishda zarur bilimlarning yetishmasligi;
  • oliy ta’lim muassalariga kirishdagi qiyinchiliklar.
Moliyaviy muammolar
  • o‘z biznesini boshlashda imtiyozli kredit olish imkoniyatining cheklanganligi va boshlang‘ich kapitalning mavjud emasligi, kuchli raqobat va mahalliy iste’mol bozorlarining cheklanganligi bilan bog‘liq muammolar;
  • oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilariga bozor talabi yuqori ekanligiga qaramay, oliy ta’lim olish imkoniyati cheklanganligi, xususan, oliy ta’lim muassasalariga kirishdagi qiyinchiliklar va ta’lim xarajatlarini qoplash imkoniyatiga ega bo‘lmaslik (jumladan, poytaxtda yashash xarajatlari boshqa hududlarga nisbatan qimmat ekanligi ham rol o‘ynashi ta’kidlagan).
Bandlik bo‘yicha davlat dasturlarining zaif tomonlari
  • yoshlarning mehnat bozori to‘g‘risida yetarlicha ma’lumotga ega emasligi va maktablarda kasbga yo‘naltirish amaliyotining deyarli mavjud emasligi;
  • faol mehnat bozori dasturlarining yoshlar ehtiyojlariga nisbatan kichik miqyosda ekanligi;
  • yoshlar va ish beruvchilarning bandlik bo‘yicha mavjud davlat xizmatlari va dasturlaridan xabardor emasligi va foydalanmasligi;
  • ishchi kuchining korxonalar va tarmoqlar o‘rtasida harakatlanishi kasbiy litsenziyalash va diplom olish bo‘yicha talablarning murakkabligi tufayli cheklanganligi;
  • yoshlar bandligini oshirishga qaratilgan dasturlarga davlat xarajatlarining samaradorligi va hukumat aralashuvining optimal darajasini aniqlash borasida ma’lumotlar monitoringi va baholash madaniyatining zaifligi.

Ijtimoiy me’yorlar
  • mavjud stereotiplar va ijtijmoiy me’yorlar, xususan, qizlarni erta oila qurishga undaydigan va uy yumushlarini asosan qizlar zimmasiga yuklaydigan qadriyatlar natijasida yuzaga keluvchi gender tafovutlar.

Mavjud muammolarni bartaraf etish uchun tavsiyalar

Tahlillarga asoslanib, hisobot mualliflari tomonidan mamlakatda yoshlar bandligi sohasida mavjud muammolarni hal qilish, mavjud siyosat va dasturlarning zaif jihatlarini bartaraf etish maqsadida qisqa va uzoq muddatli istiqbolda yoshlarni ish bilan ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan yo‘l xaritasi taklif etilgan.

Xususan, qisqa va o‘rta muddatli istiqbolda tavsiya etiladigan chora-tadbirlar:

  • yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan davlat dasturlarini baholash, isloh qilish va kengaytirish;
  • yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun ularni zarur bilim ko‘nikmalar va boshlang‘ich kapital bilan ta’minlashni kengaytirish;
  • maktablar va kasb-hunar ta’limi markazlariga raqamli ko‘nikmalarni o‘qitishni joriy qilgan holda ularni rivojlantirish;
  • talab katta bo‘lgan ko‘nikma va kasblarni yaxshiroq diagnostika qilishni ta’minlash, yoshlarning ta’lim va mehnat bozori haqidagi ma’lumotlardan xabardor bo‘lish imkoniyatini yaratish;
  • yoshga mos kasbga yo‘naltirish mexanizmlarini institutlashtirish;
  • yosh ayollarning bandlik va o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlashda faol ishtirokini rag‘batlantirish, bolalarga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha xizmatlarni yaxshilash va yanada moslashuvchan mehnat qoidalarini joriy etish;
  • sektorlar va hududlar bo‘ylab kasbiy va mehnat mobilligidagi to‘siqlarni bartaraf etish uchun qonunchilik islohotlarini ilgari surish;
  • uyushgan (xavfsiz va samarali) mehnat migratsiyasiga ko‘maklashish;
  • bandlik bo‘yicha davlat xizmatlari va dasturlari haqidagi xabardorlikni oshirish.

Uzoq muddatli istiqbolda ish beruvchilar bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatish tavsiya etilgan. Bu yoshlarni ish bilan ta’minlashning samarali mexanizmlarini ishlab chiqishda yordam beradi.

Bundan tashqari, o‘quv dasturlarini «mehnat bozori ehtiyojlari, qayta ko‘rib chiqilgan milliy malaka asoslari va ta’limni baholash tizimiga» muvofiq takomillashtirish maqsadida ish beruvchilar va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlangan.

Shuningdek, mehnat bozoriga yangi kirib kelganlarning ishga joylashishini osonlashtirish uchun yakka tartibda, shu jumladan, raqamli texnologiyalar vositasida bandlikka ko‘maklashish maqsadida Bandlikka ko‘maklashish markazlarini joriy etish salohiyatini kuchaytirish va, albatta, mamlakat bo‘ylab yoshlarning oliy ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish yoshlar bandligi sohasida mavjud muammolarni bartaraf etish, eng kamida ularning oqibatlarini yumshatishga zamin yaratadi.