Kun.uz nashrining xabar berishicha, bir guruh tilshunos olimlar yopiq eshiklar ortida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha uzil-kesil qarorga kelishgan. Alifbodagi sh, ch, oʻ va gʻ harflarini ş, ç, ō va ğ shakliga o‘zgartirish hamda ñ harfini kiritish takliflari ma’qullangan. Mazkur qaror qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish va qonun sifatida ma’qullash uchun kiritiladi, deb xabar bermoqda Kun.uz. Shuningdek, nashrning ta’kidlashicha, yig‘ilish qatnashchilari unda qabul qilingan qarorlarni hech qayerga chiqarmaslik bo‘yicha qat’iy topshiriq olishgan.

Kun.uz nashrining Facebook (yoki “Feysbuk”?) ijtimoiy tarmog‘ida mazkur xabar tagida qoldirilgan ko‘plab izohlar mualliflari bu yangilikka nisbatan salbiy munosabat bildirishgan va bu o‘zgarishlar savodsizlikning yanada urchishiga xizmat qilishi, lotin yozuviga to‘liq o‘tishimizni ta’minlab bermasligi haqida yozishgan. Ayrimlar bundan ko‘ra mamlakatda mavjud ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal qilishga mablag‘ yo‘naltirilishi lozim, deyishgan.

Yangilikka blogerlar ham o‘z munosabatini bildirishdi. Platforma.uz kanali “alifbo islohoti uch-to‘rtta odamning “shivir-shivir"i bilan imi-jimida hal qilinadigan narsa emas”, deb yozdi va “pulimiz oshib-toshib ketyaptimi?” degan savolni o‘rtaga tashladi. Tentakminds kanali ham “savodsizlikning yuz yili” istehzoli sarlavhasi bilan budjetdan ajratiladigan milliardlarga e’tibor qaratdi.

“Ma'rifat” gazetasi o‘z telegram kanaliga o‘tkazgan so‘rovda ovoz berganlarning yarmidan ko‘pi sh, ch, oʻ va gʻ harflari o‘zgarishsiz qolishini yoqlashgan.

“O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risidagi Qonuni"ga o‘zgartirishlar kiritish haqida"gi qonun loyihasi bundan oldin ikki marta (ID 31596 va ID 45020) umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan edi. Har ikkala muhokamada ham taklif qilinayotgan o‘zgarishlarni yoqlaydiganlar ham, qarshilar ham va hatto alifboning muqobil variantlarini taklif qilganlar ham yetarlicha edi.

O‘zgarishlar ilmiy asoslanganmi?

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga taklif qilinayotgan o‘zgarishlar tagida aniq ilmiy asoslar yo‘qligi haqida oldin ham yozgan edim. Na loyiha mualliflari va na Davlat tilini rivojlantirish departamenti maqolaga munosabat bildirishdi. Masalan, department alifboni o‘zgartirish uchun asos sifatida keltirgan “xalqimiz tarixda foydalangan arab, lotin, kirill yozuvlari ham „bir tovushga — bir harf“ tamoyiliga asoslangan”, degan argumentning haqiqatga mos kelmasligini arab, kirill, amaldagi lotin va taklif qilinayotgan “yangi” alifbo misolida ko‘rsatgan edim.

Qonun loyihasi muallifi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi alifboga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamasida bildirilgan fikrlarga javob berar ekan, xuddi shu g‘ayriilmiy argumentni yana bir marta qaytargan: “Bizning xalqimiz azal-azaldan bir tovushga — bir belgi tamoyiliga ko‘nikkan”. O‘zbek alifbosi uchun uzoq muddat ishlatilgan alifbolardan hech qaysi birida “bir tovushga — bir belgi” tamoyili amal qilmaganligini tushunish uchun katta ilmiy tadqiqot o‘tkazish shart emas, oldingi maqolamda keltirilgan bir necha misollarning o‘zi yetarli.

Yoki Fanlar akademiyasi bergan yana bir javob: “Ularning (sh, ch harf birikmalarining — tahr.) matnda ketma-ket kelishi o‘qish-yozish jarayonida noqulaylikni yuzaga keltirmoqda”. Kim uchun noqulaylik yuzaga keltirmoqda? Masalan, men va men taniydigan ko‘plab faol, o‘zbek tilida yozadigan mutaxassislar sh, ch tufayli hech qanday noqulayliklarni sezishayotgani yo‘q. Lotin yozuvidan faol foydalanadiganlarning necha foiziga bu harflar noqulaylik tug‘dirayotgani, aynan qanday noqulayliklar yuzaga keltirayotgani borasida aniq tahlillar, raqamlar bormi? Yoki muammo shunchaki sh va ch tovushlarining kirill yozuvida bitta harf bilan ifodalanishiga ko‘nikkan katta avlod vakillarining bu tovushlar uchun endi ikkita harf ishlatilishiga ko‘nika olmayotganligidami?

Nega c harfi yo‘q alifboga undan yasalgan ç harfi kiritilgan? Nega ō va ğ harflari uchun har xil diakritik belgilar tanlangan? “Kiritilgan o‘zgarishlar kompyuter klaviaturasida borligi uchun shunday o‘zgartirilgan” deya da’vo qilayotgan Fanlar akademiyasi vakillari taklif qilinayotgan alifboda matn terib ko‘rishdimi? Bu harflar klaviaturaning biron-bir raskladkasida birga keladimi? Bu harflarni kiritish uchun hadeb raskladkalarni o‘zgartirishga majbur bo‘lmaymizmi? Agar alohida raskladka ishlab chiqiladigan bo‘lsa, nega amaldagi alifbo uchun ishlab chiqish mumkin emas?

Yoki ng tovushi uchun yangi ñ harfining kiritilishini olaylik. N va g birga kelganda har doim ham bitta tovushni ifodalaydimi? N+g bitta tovushni va har xil tovushlarni ifodalaydigan holatlarni tilshunos bo‘lmagan aholining necha foizi farqlaydi? H va x bilan bog‘liq har qadamda ko‘zga tashlanadigan xatolar qatoriga ng va ñ bilan bog‘liq xatolar ham qo‘shilmaydimi?

Umuman, departament va akademiyaning alifboni o‘zgartirish uchun ilmiy asosanlanmagan, tagida hech qanday tadqiqot yotmagan argumentlarni hadeb qaytarishidan maqsad nima? Nima uchun alifbo bo‘yicha “yakuniy va hal qiluvchi” maqomidagi yig‘ilishga ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik vakillari taklif qilinmadi? Oldin aytilganidek, “ilmiy anjumanlarda bildirilgan taklif va mulohazalar turli soha olim va ziyolilaridan iborat ekspertlar guruhi ishtirokida o‘tkaziladigan konferensiyada” ko‘rib chiqilmasdan, aniq ilmiy asoslarsiz tayyorlangan loyihani yopiq eshiklar ortida tasdiqlashdan maqsad nima? Axir alifbo bir necha olimlardan iborat guruhning mulki emas-ku?

Maqsad ijroni yopishmi?

Akademiya qonun loyihasi tagida qoldirilgan qoldirilgan izohlarga javob berar ekan, alifboga taklif qilinayotgan o‘zgarishlar zaruratini quyidagicha izohlaydi:

“O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida ona tilimizning qadr-qimmatini ko‘tarish va uni yanada rivojlantirish bilan bog‘liq ko‘plab masalalar qatorida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish vazifasini ham alohida ta’kidlab o‘tgan edi. 2020−2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining 4-bandida ham lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini, imlo qoidalarini yanada takomillashtirish va yangi yozuvga to‘liq o‘tishni ta’minlash vazifasi alohida qayd etilgan”.

Odatda davlat rahbarining qaror va farmonlari loyihalarini ishlab chiqishda yoki nutqlarini yozishda tegishli soha vakillari jalb qilinadi. Qaror yoki farmon qabul qilingandan keyin esa uning ijrosi nazorati Adliya vazirligi va Hisob palatasi tomonidan olib boriladi. Qandaydir sabablar bilan qabul qilingan hujjatda xatolik o‘tib ketgan bo‘lsa ham (inson omilini hali hech kim inkor qilgani yo‘q), hujjatni tayyorlagan tashkilot aksar hollarda buni tan olgisi kelmaydi (axir kimning ham “kaltak yegisi” keladi deysiz). Shuning uchun hujjat ijrosini bir amallab “yopish"ga, ya’ni hujjatda belgilangan topshiriqni “bajargan” qilib ko‘rsatishga harakat qilinadi.

Akademiya tilga olgan nutq va konsepsiyada haqiqatdan ham lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish zarurati qayd etilgan. Prezident farmoni bilan tasdiqlangan konsepsiyani 2020−2022 yillarda amalga oshirish dasturida “lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini, imlo qoidalarini yanada takomillashtirish va yangi yozuvga to‘liq o‘tishni ta’minlash” vazifasini bajarish muddati qilib 2020 yil dekabr — 2021 yil yanvar belgilangan.

Agar qilinayotgan harakatlar zamirida cho‘zilib ketgan va yil boshida “yopilishi” kerak bo‘lgan “ijro"ni “yopish” turgan bo‘lsa, prezident tomonidan imzolangan hujjatlarga puxta o‘ylanmagan bandlarning va mavhum, turlicha talqin qilinishi mumkin bo‘lgan jumlalarning kiritilishi va hayotga tadbiq qilinishi ertaga qimmatga tushmaydimi?

Hujjatni ishlab chiqishga jalb etilganlar “takomillashtirish” deganda aynan nimani nazarda tutgan? To‘rtta harfning o‘zgarishi alifboni qanday qilib takomillashtiradi? Umuman, bu “takomillashtirish” aynan alifbodagi harflarni o‘zgartirish yoki unga yangi harflar kiritish shaklida bo‘lishi kerakmi? Takomillashtirish, masalan, yozilishi ayrimlar uchun muammo tug‘dirayotgan o‘ va g‘ harflarini qanday yozish kerakligi bo‘yicha aniq tavsiyalar va texnik yechimlar ishlab chiqish, haligacha bahsli bo‘lib kelayotgan “sentabr” — “sentabr” singari muammolarning aniq yechimini berish yoki tilga kirib kelayotgan so‘zlar hamda boshqa tillardagi atoqli otlarning yozuvda qanday berilishini (masalan, “back-end dasturchi"mi yoki “bek-end dasturchi”, “Windows"mi yoki “Vindovs”, “Apple"mi yoki “Epl”, “IT"mi yoki “Ay-Ti”, “Soy"mi “Tsoy”?) aniq ilmiy asoslab berish shaklida bo‘lishi ham mumkin emasmi?

Yoki hujjatda “yangi yozuv” deganda nima nazarda tutilgan? O‘ttiz yil davomida to‘liq o‘ta olmayotganimiz lotin alifbosimi yoki uning qandaydir yangi “versiyasi"mi? “Yangi” versiya qabul qilinsa, unga to‘liq o‘tish yana o‘ttiz yilga cho‘zilmasligi, bu orada alifboni “yanada takomillashtirish”, “yanada yangi yozuv"ga o‘tish zarurati tug‘ilmasligiga ishonchimiz komilmi? “Yangi” versiya ikki alifbo (kirill — lotin) o‘rtasida “sarson” o‘zbek tilini uch alifbo (kirill — amaldagi lotin — “yangi” lotin) o‘rtasida sarson qilmasligi bo‘yicha aniq tadqiqotlar natijalari bormi?

Banket kimning hisobidan?

Lotin yozuviga asoslangan alifboga o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamasi uzaytirilganda Davlat tilini rivojlantirish departamenti “alifboga shakliy o‘zgarishlar kiritilishi munosabati bilan talab etiladigan xarajatlar miqdori o‘rganiladi” deb va’da bergan edi. “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, moddiy xarajatlar talab qilinadigan qonun loyihasini tayyorlashda unga moliyaviy-iqtisodiy asoslar ilova qilinadi. Alifboni o‘zgartirish uchun ketadigan xarajatlar miqdori o‘rganildimi, qonun loyihasining moliyaviy-iqtisodiy asoslari ishlab chiqildimi? O‘zgarishlar soliq to‘lovchilarga qanchaga tushadi? Tashqi qarz YAIMning yarmidan ko‘pini tashkil qilayotgan sharoitda soliq to‘lovchilar o‘z mablag‘laridan milliardlarning aynan alifboni o‘zgartirishga sarflanishiga rozimi?

Darsliklar nashr qilinishiga yaqin manbalarning taxminiy hisob-kitoblariga ko‘ra, alifbo o‘zgarsa, maktab darsliklarining o‘zi uchun kamida 2−3 trillion so‘m (hozirgi kurs bilan taxminan 186 million — 280 million AQSh dollari) kerak bo‘lar ekan. Bundan tashqari, boshqa turdagi o‘quv va ilmiy adabiyotlar, lug‘atlar, badiiy kitoblar, butun respublika bo‘ylab rasmiy hujjatlar blankalari, davlat idoralari va jamoat joylaridagi yozuvlar, bannerlar, lavhalar, axborot tizimlaridagi ma’lumotlar ham o‘zgarishi kerak bo‘ladi. Bularning bari qaysi mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi?

Aholi qo‘lidagi shaxsni tasdiqlovchi va ruxsat beruvchi tusdagi hujjatlar-chi? Qonun nuqtai nazaridan, misol uchun, “Mengliyev” va “Meñliyev” har xil shaxslar ekanligi hisobga olinsa, bunday hujjatlar ham zudlik bilan o‘zgartirilishi kerak bo‘ladi. Aholi yana yoppasidagi hujjatlarini almashtirish uchun pul to‘lashga tayyormi? Tizim-chi, bunday katta hajmdagi yuklamani ko‘tara oladimi?

Umuman, Fanlar akademiyasi yoki “bir guruh olimlar” qonunchilik tashabbusi huquqiga ega subyektlar ro‘yxatiga kirmas ekan, alifboga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi qaysi huquqiy asoslarga ko‘ra tayyorlandi? 1990-yillar boshida alifboni o‘zgartirishga siyosiy motivlar sabab bo‘lgan ekan, hozir imi-jimida, yopiq eshiklar ortida qaror qabul qilmasdan, Konstitutsiya bo‘yicha davlat hokimiyatining birdan-bir manbai bo‘lgan va oxir-oqibatda alifboni takomillashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘laydigan xalqning fikrini hisobga olishga nima xalaqit bermoqda?

Qonun loyihasi muhokamasida o‘zgarishlar uchun sarflanadigan xarajatlar haqidagi savolga Fanlar akademiyasi bunday javob bergan: “Bugun O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar muayyan moliyaviy mablag‘larni talab etmoqda. Agar siz maktab darsliklarini qayta chop qilinishini nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, darsliklar qayta nashr etish muddati yetganda chop qilinaveradi”.

Akademiya taklif qilayotgan yondashuv, ya’ni alifbo o‘zgarsa ham eski alifbo asosida chop qilingan darsliklar asosida o‘quvchilarga dars berishni davom ettirish bir qancha avlodning yoppasiga savodsizlashishiga olib keladi. Maktab darsliklari davriylik asosida har besh yilda yangilanadi. Misol uchun, bu yil yaratilgan 2-sinf darsliklari besh yildan keyin qayta chop qilinadi.

Endi tasavvur qilamiz: alifbo almashdi, lekin darsliklar yangilanmadi. O‘quvchilar qo‘lidagi darsliklarda “o‘ng”, “g‘uncha”, “Toshkent”, “shamchiroq” shaklida yozilgan so‘zlarni o‘qituvchi aslida “ōñ”, “ğunça”, “Toşkent”, “şamçiroq” shaklida yozish kerakligini o‘rgatadi. Yoki bir yil yangilangan alifboda chop qilingan darsliklarni o‘qigan o‘quvchilarga keyingi yil eski alifboda chop qilingan darsliklar berildi (agar darsliklar yoppasiga yangilanmasdan, akademiya taklif qilgandek, qayta nashr etish muddati yetganda chop qilinsa, shunday holatlar ro‘y berishi aniq). So‘zlarni to‘g‘ri yozish, imlo qoidalarini yodlashda vizual xotira (ko‘rish orqali eslab qolish) katta rol o‘ynashini hisobga olsak, bunday o‘quvchilarda savodxonlik, so‘zlarni to‘g‘ri yozish bilan katta muammo chiqishi aniq. Va bu avlod vaqt o‘tib davlat idoralarida hozirgi avlodning o‘rnini egallaganda yangi alifboni inkor qiladi — xuddi hozirgi yoshi katta avlod kirill yozuviga o‘rgangani uchun amaldagi lotin yozuvini inkor qilganday. Qarabsizki, yana alifboni “takomillashtirish” zarurati tug‘iladi.

O‘zbekiston xalqi hadeb alifboni “takomillashtirish"ga tayyormi?

P.S. Maqola yozilib, nashrga tayyorlangandan so‘ng tadqiqotchi va bloger Eldar Asanov o‘z telegram kanalida yig‘ilish haqida ma’lumot berib, unda ilmiy bahslar bo‘lgani, hech qanday rasmiy hujjat qabul qilinmagani haqida yozdi. Asanovning xabar berishicha, ishchi guruh va ekspertlar funksional alifbo loyihasini tayyorlashga urinmoqda, xolos.

Nazarimda, alifboni “takomillashtirish"dan oldin, aniq savollarga aniq, ilmiy asoslangan javoblar olishimiz kerak:

1. Alifboning maqsadi tildagi barcha tovushlarni transkripsiya qilib berish emas, yozma muloqotni ta’minlash ekanligidan kelib chiqsak, joriy alifboning qaysi jihatlari yozma muloqotni ta’minlashga xalal bermoqda va takomillashtirishga muhtoj?

2. Bu takomillashtirish aynan alifboni o‘zgartirish shaklida bo‘lishi kerakmi yoki boshqa yechimlar ham bormi?

3. Agar alifboni o‘zgartirish haqiqatda ham zarur bo‘lsa, bu qanchaga tushadi va qaysi manbalardan moliyalashtiriladi?

Va albatta alifbo bilan bog‘liq har qanday munozaralar, takliflar, yechimlar, qarorlar jamoatchilikka e’lon qilib borilishi lozim. Agar alifboni o‘zgartirishdan maqsad o‘ttiz yil oldin bo‘lganidek, siyosiy kon’yunktura uchun, birinchi rahbar aytgani uchun bo‘lsa, unda har yigirma — o‘ttiz yilda “takomillashtirish” zarurati tug‘ilishi aniq.

Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasiligi mumkin.