2020 yil 23 noyabrda qabul qilingan qonunga muvofiq, mamlakatda ilk bor 11 noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni sifatida nishonlanmoqda. Ushbu sana munosabat bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev soha xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi.

“Avvalo, siz azizlarni, sizlar orqali kasaba uyushmalarining millionlab a’zolarini mamlakatimizda ilk bor nishonlanayotgan bayram — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan g‘oyat mamnunman”, — deb boshlanadi tabrik maktubi.

Unda shuningdek, mamlakatda kasaba uyushmalari tizimida 33 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlar samarali faoliyat ko‘rsatayotgani hamda 6500 dan ziyod xodim va 300 mingga yaqin faollar fidokorona mehnat qilib kelayotgani qayd etilgan.

Ayni paytda, kasaba uyushmalari o‘z safida 5,5 mln nafardan ziyod a’zolarni birlashtirib, ularning mehnatga oid huquq va manfaatlarini ta’minlashda yaqindan yordam berib kelayotgani hamda so‘nggi 5 yilda tizimda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilgani ta’kidlangan.

Korxona va tashkilotlarda yil davomida 1 nafar ishchi va xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohasiga sarflanadigan o‘rtacha mablag‘ miqdori 5 marotaba oshirildi.

Ma’lum qilinishicha, bu davrda Kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimida 14 ta sog‘lomlashtirish maskani qurildi, 5 tasi rekonstruksiya qilindi. Natijada bir yilda qo‘shimcha ravishda 34 ming nafar yurtdoshimizni tizimdagi sanatoriylarda sog‘lomlashtirish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, 593 mingga yaqin xodimlar va ularning oila a’zolari, 8700 dan ortiq urush va mehnat fronti faxriylari sanatoriylarda sog‘lomlashtirilgani, 1,5 mln nafardan ortiq bolalarning oromgohlarda dam olishlari tashkil etilgani ham bu boradagi ishlar ko‘lamining kengligidan dalolat beradi. Bundan tashqari, 788 mingdan ziyod xodimlar va ularning oila a’zolari, 14 mingga yaqin keksa avlod vakillari va 15 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalar a’zolarining respublikadagi diqqatga sazovor qadamjolarga sayohatlari tashkil qilindi.

Xodimlar mehnatini muhofaza qilish maqsadida kasaba uyushmalari tomonidan 16 mingga yaqin korxona va tashkilotlar faoliyati o‘rganilib, aniqlangan 61 mingdan ziyod kamchiliklar bartaraf etilishi ta’minlandi.

Tabrikda soha xodimlarining sa’y-harakatlari natijasida 14 mingga yaqin xodimlarning buzilgan mehnat huquqlari tiklanib, ular foydasiga 3,6 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ undirib berilganiga ham e’tibor qaratilgan.

Qolaversa, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Kasaba uyushmalari umumkonfederatsiyasiga a’zolikka qabul qilingani, Markaziy Osiyo davlatlarining turdosh tashkilotlari bilan kelishuvlar tuzilib, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etilgan.

“Ayollar daftari” bilan ishlash tizimi orqali o‘tgan davr mobaynida mutasaddi vazirlik va idoralar, hokimliklar bilan hamkorlikda 6,5 mlndan ortiq xotin-qizlar bilan muloqotlar o‘tkazilib, 900 mingga yaqin xotin-qizlarning muammolarini ijobiy hal etishda kasaba uyushmalari davlatga mustahkam tayanch bo‘lib maydonga chiqqani e’tirof etildi.

“Bu haqda gapirganda, o‘tgan yili Kasaba uyushmalari federatsiyasi huzurida tashkil etilgan 1211 “ishonch telefoni"ga kelib tushgan xotin-qizlarning 100 mingga yaqin murojaatlarida bildirilgan masalalarning hal etilgani alohida tahsinga loyiq”, — deydi prezident.

Biz bundan buyon ham bandlikni ta’minlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohalarida ijtimoiy sheriklik imkoniyatlarini yanada kengaytirish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga oid tashabbuslaringizni qo‘llab-quvvatlaymiz, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, korxona va tashkilotlarda xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ta’minlash tizimini yanada kuchaytirishni davrning o‘zi taqozo etayotgani aytilgan.

“Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha ish beruvchilar va rahbarlar butun dunyoda tan olingan quyidagi qoidaga amal qilishlarini istardim: har qaysi korxona yoki tashkilotda albatta kasaba uyushmasi faoliyat ko‘rsatishi va rahbarlar albatta ular bilan yaqin hamkorlikda ish olib borishi shart. Shundagina jamiyatimizda mehnat qonunchiligi buzilishi holatlarining oldi olinadi, hayotimizda ijtimoiy adolat yanada mustahkam qaror topadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, inson qadri, huquq va manfaatlarini ta’minlash barcha sohalarda biz uchun bosh maqsadga aylanayotgan hozirgi paytda hayotning o‘zi kasaba uyushmalari oldiga ham ulkan vazifalarni qo‘ymoqda.

“O‘zining katta va boy tajriba maktabi, shonli an’analariga ega bo‘lgan mamlakatimiz kasaba uyushmalari ularni samarali hal etib, Yangi O‘zbekistonda yangicha mehnat munosabatlari shakllanishi va ravnaq topishiga munosib hissa qo‘shadi, deb ishonaman”, — deyiladi unda.

Bu yo‘lda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kasaba uyushmalarining fuqarolik jamiyatining eng faol institutlaridan biriga aylanishiga ko‘maklashish uchun bundan buyon ham bor imkoniyatlar safarbar etilishi qayd etilgan.

“Sizlarni bugungi qutlug‘ ayyom — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, mas’uliyatli va olijanob ishlaringizda yangi-yangi yutuqlar tilayman. Mana shunday quvonchli kunlaringiz ko‘p bo‘lsin, xonadonlaringizdan hech qachon tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, baxt va omad arimasin!”, — deya yakunlangan prezident tabrigi.