2 noyabr kuni prezident daraxt ekish bo‘yicha «dolzarb 40 kunlik» e’lon qilgan edi. Ertasiga barcha viloyatlar hokimliklari ko‘chat ekish bo‘yicha boshlangan ishlar yuzasidan hisobot bera boshladi. «Gazeta.uz» O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutining Ixota o‘rmonzorlari va o‘rmon melioratsiyasi laboratoriyasi mudiri, Zamin xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi a’zosi, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Zinoviy Novitskiyдан Toshkent shahri va Orolbo‘yi misolida daraxt ekish va parvarish qilish haqida so‘zlab berishni so‘radi (Zinoviy Novitskiy Orol dengizining qurigan tubida ish olib borish bo‘yicha 40 yillik ilmiy tajribaga ega, biz uning sobiq dengiz o‘rnida o‘rmon plantatsiyalarini yaratish haqidagi maqolasini e’lon qilgan edik).

Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

Toshkent — yashil shahar, unda ko‘plab turli daraxtlar o‘sadi. Biroq ularning hammasi ham zarur agrotexnik parvarishni olmaydilar. Ko‘pgina daraxtlar, ayniqsa ignabargli daraxtlar zararkunandalar va kasalliklarga ta’sirchan bo‘lib, bu ularning qurishiga, oxir-oqibat o‘limiga olib keladi. Yangi maydonlarda kuzga bormay qurib, o‘lib qoladigan qarag‘ay va archalar ekilaveradi.

Magistral va temir yo‘llar bo‘ylab ixota o‘rmon plantatsiyalarini barpo etishda xalqaro tajribani o‘rganish va ularni bizning sharoitimizdan kelib chiqqan holda qo‘llash zarur.

Masalan, Odessa-Kishinyov yoki Terebovlya-Ternopil (Ukraina) yo‘llari bo‘ylab yo‘lning ikki tomonida dastlab yong‘oq yoki gilos ekishgan, so‘ngra 3−5 metrdan keyin shamol to‘suvchi va qordan himoyalovchi o‘rmon daraxtzorlari tashkil etilgan. Bunda bir qator tog‘olcha, bir qatorga esa tut, so‘ngra bir qatordan skumpiya (manzarali daraxt), kalina (bodrezak, buta), qizil (mevali buta), olxo‘ri, qorag‘at (smorodina), olcha, o‘rmon yong‘og‘i (funduk) va boshqa O‘zbekiston sharoitida barq urib o‘sadigan turlarni ekish mumkin. 5 km uzunlikdagi har bir «polosa»ga yo‘l ustasi biriktirilgan bo‘lib, ular o‘simliklar holatini kuzatib boradi.

O‘sib kelayotgan avlodni madaniyatli qilib tarbiyalash, ularda har bir novda, har bir o‘simlikka ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hissini shakllantirish ham muhim ahamiyatga ega. Bunga eng avvalo oiladagi tarbiyaviy ishlar va ota-onalarning shaxsiy namunasi, keyin esa maktabda erishiladi.

Bolaligimdan xotiralar: ota-onam bilan mana shu ixota o‘rmon belbog‘lariga qizil, tog‘olcha, tut, olcha yig‘ish uchun borardik — ulardan murabbo tayyorlardik. Gilos yig‘ardik, undan onam yakshanba kuni biz uchun murabbo tayyorlardi. Xudo ko‘rsatmasin, kimdir daraxt shoxini sindirsa — o‘z tengdoshlari, sinfdoshlari, qo‘shnilarining janjal va tanbehlariga sabab bo‘lardi. Hammamizga meva terib olishga ruxsat berilardi, lekin shoxlarini sindirib tashlamas edik. Qancha yong‘oq yig‘ardik? Shu bilan birga, biz, bolalar, daraxtlarimiz yaxshi o‘sib, ko‘proq meva berishi uchun harakat qilardik, ularning ostiga go‘ng separdik.

Men sanab o‘tgan barcha daraxtlar O‘zbekistonda yaxshi o‘sadi va modomiki biz tabiatimizni yaxshi tomonga o‘zgartirishni xohlar ekanmiz, shunday yondashuv bo‘lishi kerak, biroq bu bir martalik aksiya bo‘lmasligi lozim.

Daraxtzorlarni tashkil etish haqidagi ma’lumotlar ishonchli bo‘lishi hamda ularda ikki raqam: bahorda qancha ko‘chat o‘tqazilgani va sentabrda ularning qanchasi yashab ketgani aytilishi kerak.

Va kelgusi bahorda qanchasi tirik qolgani haqida ma’lumotga ega bo‘lish maqsadga muvofiqdir. Agar o‘simliklarning bir qismi nobud bo‘lsa, ularni almashtirish va bo‘sh joylarning bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Xonobodda (Andijon viloyati) ko‘chat ekish. Foto: t.me/Xonobodpress.

4 noyabr kuni ro‘y bergan va mamlakatimizga ulkan zarar yetkazgan, yo‘lidagi barcha narsalarni tuproq zarralari bilan qoplagan chang bo‘roniga barchamiz guvoh bo‘ldik.

Bu bo‘ron ikki sababga ko‘ra ro‘y bergan bo‘lishi mumkin edi. Birinchisi, oxirgi yillarda daraxtlar turli bahonalar bilan ommaviy ravishda kesilmoqda. Daraxtlarni kesganlarning asosiy bahonalari ularning kasal ekanliklaridir. Kechirasiz, ularni kim shunday ahvolga keltirdi, nega zararkunanda va kasalliklarga qarshi kimyoviy tozalash ishlari olib borilishi kerak bo‘lgan tegishli tashkilotlar buni amalga oshirmadi? Mana shuni aniqlashtirib olishimiz kerak, ko‘p yillik daraxtlarni kesish emas.

Ikkinchi sabab — Orol dengizining qurishi muammosi, uning qurigan tubida allaqachon o‘rmon plantatsiyalari yaratilgan, ammo ular hali juda kam va qumlarning osongina ko‘chishidan himoya qila olmaydi.

Qarshi shahrida ko‘chat ekish. Foto: t.me/qashvilhokimligi.

Mening oldimga odamlar kelib, bunday bo‘ronning nima uchun sodir bo‘lgani, butun mavjudotlarga zarar yetkazgani, avval ham shamollar bo‘lgani, lekin havoni tuproq zarrachalari bilan to‘yintirgan bunday bo‘ron shu vaqtgacha kuzatilmaganini so‘rashmoqda.

Javob bitta — bizning tabiatga befarqligimiz, o‘simliklar qatlamini yo‘q qilishimiz, daraxtlarni kesib tashlaganimiz. Odamlar tabiatga nisbatan munosabatlarini o‘zgartirishlari, uy-joy, do‘kon va boshqalar qurishdek o‘tkinchi o‘yu-havaslari yo‘lida daraxtlarni kesishni bas qilishlari uchun yana nima sodir bo‘lishi kerak?

Ha, Orol muammosini hal qilishga ham yanada samaraliroq munosabatda bo‘lish kerak. Shiorlar bilan issiq kabinetlarga yashirinmasdan, [dengizning] qurigan tubida ishchilar bilan birga samarali ishlash lozim. Prezidentimiz tashabbusi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining mohirona mehnati bilan bugungi kunda Orol dengizining qurigan tubida 1 million 550 ming gektar maydonda o‘rmonzorlar barpo etildi, biroq bu ishlar bir necha yillardan keyin shamolga qarshi vazifalarini to‘laqonli ado etishni boshlaydi.

Shu bois, Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan «Yashil makon» loyihasi o‘z vaqtida va hayotiy zarur hisoblanib, yaqin kunlar amaliyoti shuni ko‘rsatganidek, mamlakatimizdagi ekologik vaziyatni yaxshilashda g‘oyat muhim ahamiyatga ega.

Orolbo‘yida «Yashil Makon» loyihasi qanday amalga oshiriladi?

«Yashil Makon» loyihasi Orolbo‘yida mavjud plantatsiyalarning ekologik holatini o‘zgartirishga yordam beradi.

Avvalo, Orolbo‘yida ishlarni amalga oshirishdan oldin ekiladigan maydonlar, navlar assortimenti, ekish materiallari yetkazib beriladigan joylar hamda o‘rmon plantatsiyalarini tashkil etish va ular parvarishiga mas’ullar ko‘rsatilgan hisob-kitob va texnologik xaritalarni o‘z ichiga olgan Orolbo‘yi aholi punktlarida o‘rmon plantatsiyalarini tashkil etish loyihasiни ishlab chiqish zarur.

Qishloqlarda ko‘cha yoqalariga ko‘chatlar, birinchi navbatda terak va qarag‘ay ko‘chatlari o‘tqaziladi, ariqlar yotqiziladi. Ushbu plantatsiyalarning holati uchun javobgarlik mahalla qo‘mitalari zimmasiga yuklatiladi.

Qishloqlarda har bir daraxtga tomchilatib sug‘orish usulini olib kelish qiyinligini inobatga olgan holda ekish paytida ko‘chat chuquriga suv saqlovchi polimer nanomoddalar (gidrogel) yotqiziladi. Mazkur uslub sug‘orishlar miqdorini sezilarli darajada kamaytirish va suvni tejash imkonini beradi.

Orolbo‘yi shaharlarida navlar assortimentini kengaytirish mumkin, lekin bu yerda havo haroratining 30 darajagacha sovuqqa tushishini hisobga olish zarur, bunday haroratda hamma daraxtlar ham yashab qololmaydi — muzlaydi va nobud bo‘ladi.

Yuqoridagi barcha jihatlar O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining ilmiy bo‘linmalari tomonidan belgilanadi.

Orol dengizining qurigan tubida cho‘l o‘simliklari urug‘ini ekish ishlari noyabr-dekabr oylarida davom ettiriladi. U yerda barcha o‘rmon-meliorativ ishlar O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutida qo‘lga kiritilgan ilmiy ishlanmalar asosida olib boriladi. Ularning bajarilishi loyiha koordinatori tomonidan qat’iy nazorat qilinadi va shuning uchun hech qanday og‘ishlar bo‘lmaydi. Barcha ishlar agrotexnik muddatda, pastki cho‘kindi turlarini hisobga olgan holda qat’iy ravishda amalga oshiriladi.

Biroq so‘nggi yillar juda quruq kelgani va prognozda hech qanday yaxshi narsani kutilmayotganini hisobga olsak, namlikni saqlab qolish uchun suv saqlaydigan nanomoddalardan foydalanishni boshlash kerak.

Bundan tashqari, loyihani amalga oshirish uchun yem-xashak o‘simliklari urug‘larini yig‘ish hajmini kengaytirish hamda ularni unib chiqish va yer qoplamini (yaylovlarini) shakllantirishi uchun allaqachon yaratilgan saksovul plantatsiyalariga sepish maqsadga muvofiqdir.

Shunday qilib, mavjud saksovul plantatsiyalari shamol tezligini pasaytiradi va biz yem-xashak o‘simliklari urug‘ini ekkan qator oraliqlarida mikroiqlim ko‘rsatkichlarini yaxshilaydi, bu esa ikki-uch yilda birinchi yarusda saksovul, ikkinchisida esa yaylov hosil qiluvchi yem-xashak o‘simliklaridan iborat ikki komponentli plantatsiyalar olish imkonini beradi.

Yangi ko‘chatlarni ekishda o‘tmishdagi xatolardan qanday qochish kerak?

Shahar va aholi punktlarida ko‘chat ekish ishlarini boshlashdan oldin loyiha ishlab chiqilishi kerak. Unda tashkil etilayotgan plantatsiyalarning dizayni va estetikligi hisobga olinishi lozim. Loyihasiz ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmasligi zarur.

Ko‘kalamzorlashtirishda, birinchi navbatda, mahalliy daraxt va buta turlariga asoslanib, ular yo‘q bo‘lgandagina boshqa turlarni xorijdan olib kelish mumkin.

Xorazm viloyatida ko‘chat ekish. Foto: t.me/xorazm_uz_official.

Ko‘kalamzorlashtirishda birinchi navbatda mahalliy daraxt va buta navlariga tayanish, ular bo‘lmagan taqdirdagina xorijdan boshqa turlarni olib keltirish mumkin.

Bardoshli va keng yaproqli turlardan ko‘proq foydalanish va majburiy tomchilab sug‘orish tizimini joriy etish zarur.

Tuproqda namlikni uzoqroq vaqt saqlab turish uchun ekish chuquriga namlik saqlovchi polimer nanomoddalar joylashtirilishi kerak.

Ekish o‘simliklari agrotexnik parvarish, birinchi navbatda mineral va organik o‘g‘itlarga ehtiyoj sezadi.

Ko‘chalar, shaharlar va aholi punktlari bo‘ylab mavjud barcha ko‘chatlarning entomologik va fitopatologik xaritasini tuzish zarur. Zararkunandalar va kasalliklarning turlarini aniqlash, ularga qarshi kurashish choralarini belgilash va zudlik bilan kurashni boshlash lozim.