Varshavada minglab millatchilarning namoyishi bo‘lib o‘tdi

Varshavada Polsha Mustaqillik kuni munosabati bilan o‘ng qanot millatchilik harakati tomonidan tashkil etilgan an’anaviy marsh bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi RIA Novosti.

Payshanba kuni Polsha mustaqillik tiklanganining 103 yilligini nishonlamoqda. Bu yilgi namoyishlar «Mustaqillik sotilmaydi» shiori ostida o‘tkazilmoqda.


Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, JARning sobiq prezidenti Frederik de Klark vafot etdi

Janubiy Afrikaning sobiq prezidenti Frederik de Klerk 85 yoshida vafot etdi. Bu haqda Ria Novosti xabar berdi. De Klerk 1989−1994 yillarda Janubiy Afrikaning eng so‘ngi oq tanli prezidenti bo‘lgan.

«Bugun ertalab sobiq prezident Frederik de Klerk saraton, mezotelioma bilan kurashib, o‘z uyida tinchgina vafot etdi», — dedi de Klerk jamg‘armasi vakili.

Iyun oyida jamg‘arma de Klerkda saraton kasalligi aniqlangani, sobiq prezident immunoterapiya olayotgani haqida xabar bergan edi.

Frederik Villem de Klerk 1989 yilning avgustidan 1994 yilning mayigacha Janubiy Afrika prezidenti bo‘lgan. U aparteid tizimini demontaj qilishni yakunladi va 1990 yilda Nelson Mandelani qamoqdan ozod qildi. 1993 yilda de Klerk va Mandela birgalikda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. 1994 yilning mayidan 1996 yilning iyunigacha Frederik Villem de Klerk Janubiy Afrikaning birinchi vitse-prezidenti lavozimida ishlagan — TASS.


Latviya parlamenti Georgiy lentalaridan foydalanishni taqiqlovchi qonunni tasdiqladi

Latviya Seymi (parlamenti) payshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda uchinchi, yakuniy o‘qishda ommaviy tadbirlar — ko‘ngilochar va bayram tadbirlari, shuningdek, yig‘ilishlar vaqtida Georgiy lentalaridan foydalanishni taqiqlashni nazarda tutuvchi qonunchilikni ma’qulladi. Ushbu jarayon parlament saytida translyatsiya qilindi.

Ovoz berish jarayonida deputatlarning ko‘pchiligi «Ommaviy ko‘ngilochar tadbirlar va bayram tadbirlari xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida»gi va «Majlislar, yurishlar va piketlar to‘g‘risida»gi qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritishni qo‘llab-quvvatladi.

«Latviyadagi ko‘plab ruslar bu qonun loyihasini o‘zlarining milliy qadr-qimmatiga haqorat sifatida qabul qilishlari mumkin. Bu ramz Yevropa Ittifoqiga a’zo birorta davlatda taqiqlanmagan. Ishonchim komilki, Latviya bu borada kashshof bo‘lmasligi kerak», — dedi Latviya parlamenti deputati Nikolay Kabanov.

O‘z navbatida, Rossiyaning Latviyadagi elchixonasi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar jamiyatni milliy va mafkuraviy bo‘linishga qaratilganini ma’lum qildi — TASS.


Seulda amerikalik diplomat avtohalokat sodir etib, AQSh harbiy bazasiga yashirindi

Amerikalik diplomat Janubiy Koreya poytaxti Seulda baxtsiz hodisa keltirib chiqargan va AQSh harbiy bazasida politsiyadan yashiringan. Yonhap agentligining xabar berishicha, u yo‘lni o‘zgartirayotganda oldida turgan taksi bilan to‘qnashib ketgan va voqea joyidan qochib ketgan.

«Biz amerikalik diplomatning bayonotini eshitganimizdan keyin ayblovlar bo‘yicha qaror qabul qilishni rejalashtirmoqdamiz», — dedi Seul politsiyasi vakili.

Baxtsiz hodisadan keyin taksi haydovchisi diplomatning mashinasini Seulning Yongsan tumanidagi AQSh harbiy bazasigacha kuzatib borgan. Hozircha shaxsi aniqlanmagan diplomat politsiya talabiga ko‘ra mashinasi oynasini ochishdan, shuningdek, spirtli ichimlikdan mastlik darajasini aniqlash uchun test topshirishdan bosh tortgan.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, mashinada yana uch kishi bo‘lgan.


Kamerun janubidagi universitetda yuz bergan portlash oqibatida 11 talaba jarohatlandi

Ingliz tilida so‘zlashuvchi janubi-g‘arbiy mintaqa poytaxti Buea shahrida sodir bo‘lgan portlashda kamida 11 nafar talaba jabrlandi. Bu haqda Agence France-Presse universitet rektoriga tayanib xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa politsiya va qurollangan separatistlar o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvlar oqibatida sodir bo‘lgan.

Janubiy Afrikaning News-24 axborot xizmati xabariga ko‘ra, yaradorlar kasalxonaga yotqizilgan, ularning ahvoli barqaror deb baholanmoqda. Universitet hududi qurshab olingan, hodisa yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.


Nobel mukofoti sovrindori Malala Yuzufzoy turmushga chiqdi

Pokistonlik inson huquqlari faoli, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Malala Yusufzoy turmushga chiqdi. Bu haqda u seshanba kuni o‘z Instagram sahifasida ma’lum qildi.

«Bugun mening hayotimdagi unutilmas kun. Asser bilan umrimizning oxirigacha birga bo‘lish uchun turmushga qurdik», — deb yozdi u. Malalaning qo‘shimcha qilishicha, to‘y islom an’analari bo‘yicha 24 yoshli qiz yashaydigan Birmingemda ikkala oila ishtirokida bo‘lib o‘tgan.

Yusufzay 11 yoshida internetda blog yurita boshlaganida, «Tolibon» harakatining o‘zi tug‘ilgan Xayber-Paxtunxva viloyatining Svat tumanida shariat qonunlarini o‘rnatishga urinishlarini tanqid qilib, shuhrat qozongan. 2012 yilning 9 oktabrida u darsdan uyiga qaytayotganida jangarilar tomonidan hujumga uchragan. Niqob kiygan qurollangan shaxslar maktab avtobusini to‘xtatgan, ulardan biri ichkariga kirib, Malalaga qarata o‘q uzgan va u boshi va bo‘ynidan yaralagan. U 2013 yil yanvar oyida shifoxonadan chiqarilgan va reabilitatsiya kursidan so‘ng inson huquqlari bo‘yicha ishiga qaytgan — TASS.

2014 yilda Malala bolalar huquqlarini himoya qiluvchi hindistonlik Kailash Satyarthi bilan birga tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Malala Yusufzoy tarixdagi eng yosh Nobel mukofoti sovrindori hisoblanadi.