Bugun, 9 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yurak qon-tomir va endokrin kasalliklarning oldini olish va ularni davolash tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Yig‘ilish doirasida prezident kardiologiya sohasidagi muammoli masalalar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.

Uning qayd etishiga ko‘ra, 30−70 yoshdagi aholi o‘rtasida o‘lim holatlarining 53 foizi hanuzgacha yurak-qon tomir kasalliklariga to‘g‘ri kelmoqda. So‘nggi besh yilda yurak-qon tomir kasalliklari 20 foizga, hatto yoshlar orasida ham ko‘paygan. 40 yoshdan yuqori aholining 20−25 foizida gipertoniya alomatlari mavjud.

Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, o‘tkazilgan xatlovlar natijalari respublika bo‘yicha 4 mlnga yaqin aholi orasida yurak-qon tomir kasalliklari aniqlangan bo‘lib, umumiy aholining 12 foizini tashkil etishini ko‘rsatgan. Ayniqsa, bunday kasalliklarga chalingan aholi soni Namanganda — 18 foiz (450 ming nafar), Farg‘onada — 17 foiz (600 ming), Buxoroda — 14 foiz (230 ming), Qashqadaryoda — 13 foiz (470 ming)ni tashkil etib, respublika ko‘rsatkichidan yuqori.

Shavkat Mirziyoyev ta’kidlashicha, Toshkent shahri, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlarida yurak-qon tomir kasalliklarining og‘ir asoratlari qolgan hududlarga nisbatan baland.

Videoselektorda mazkur muammolarni hal etish va yurak-qon tomir kasalliklarini barvaqt aniqlash, ularni oldini olish hamda davolash bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi ma’lum qilindi.

Kelgusi yildan 40 yoshdan oshgan barcha aholi (10 million nafar) oilaviy poliklinika va tibbiy brigadalar orqali yiliga kamida bir marta manzilli skriningdan o‘tkaziladi. Tuman laboratoriyalari koagulometr va zarur reaktivlar bilan ta’minlanashi kutilmoqda. Yurak-qon tomir kasalliklar aniqlangan aholining yagona elektron reyestri yuritiladi. Yurak-qon tomir kasalliklari uchun enalapril kabi dorilar doimiy ravishda 200 mingdan ziyod ehtiyojmand aholiga bepul tarqatilishi ham ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, tuumanlardagi har bir mahallada «gipertoniya salomatlik maktablari»ni tashkil etiladi. Oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalarda hamshiralarning vazifalari ham qayta ko‘rib chiqilib, ularning funksiyalari kengaytirilishi rejalashtirilgan.

Prezident tomonidan kardiologiya sohasidagi vazifalar ham muhokama qilindi. Qayd etilishicha, birlamchi bo‘g‘inga dori va tibbiy buyumlar uchun kelgusi yilda budjetdan 580 mlrd so‘m ajratiladi. Bu joriy yil xarajatlaridan 3 barobar ko‘p.

Shuningdek:

  • 14 mingdan ziyod tibbiyot brigadalari va oilaviy shifokorlar yurak kasalliklarini barvaqt aniqlash va birlamchi yordam ko‘rsatishga o‘qitiladi;
  • kelgusi yil yakunigacha barcha oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalarda hamshira ko‘rik xonasi tashkil qilinadi;
  • kelgusi yil davomida malaka oshirish markazlarida 15 ming nafar hamshiraning maxsus onlayn kurslarda o‘qitilishi ta’minlanadi;
  • tuman shifoxonalariga 4 turdagi kardiologiya uskunalari o‘rnatilib (EKG, ExoKG, xolter-monitor va defibrillyator), ko‘rsatiladigan xizmatlar 5 tadan 15 taga oshiriladi. Buning uchun qo‘shimcha 60 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

«Bugungi yig‘ilishda kardiologiya bilan birga endokrinologiya masalalari ham muhokama qilinishi lozim edi. Lekin, Endokrinologiya markazining yangi binosi, rahbari kabi masalalar hanuzgacha yechimini topmagani uchun yig‘ilish kun tartibidan chiqarib yuborildi», — dedi Shavkat Mirziyoyev. Davlat so‘zlariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasidagi sohaga mas’ul xodim lavozimidan bo‘shatilgan.