24 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda O‘zbekiston prezidenti etib qayta saylangan Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarining shanba kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida qasamyod qabul qilib, davlat rahbari lavozimiga qayta kirishdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Oxirgi saylovlarda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod sifatida ko‘rsatilgan Shavkat Mirziyoyev saylovchilarning 80,4 foiz (2016 yilgi saylovda 88,6 foiz, keyin esa 87,7 foiz ishtirok etgan) ovozini to‘plagan edi.

Inauguratsiya Senatning yangi binosida (O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining sobiq binosi) bo‘lib o‘tdi. Marosim boshlanishidan avval Senatning katta majlislar zaliga joriy yilning oktabr oyida tasdiqlangan shtandart (bayroq) va prezident belgisi kiritildi.

Parlament quyi va yuqori palatalarining qo‘shma majlisida Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev Shavkat Mirziyoyevga prezident guvohnomasi va Markaziy saylov komissiyasining shahodatnomasini topshirdi.

So‘ng Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Konstitutsiyasi va Qur’oni Karimga qo‘lini qo‘ygan holda qasamyod qildi.

Konstitutsiyaning 92-moddasiga binoan, prezident quyidagi so‘zlarni aytdi:

«O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman».