Samarqand viloyatida terroristik tashkilotlar tarafdorlari sifatida gumonlangan shaxslarning Suriya davlatiga chiqib ketishining oldi olindi, deb xabar berdi DXX matbuot xizmati.

Bu borada 3 noyabr kuni DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va viloyat IIB hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda Samarqand shahrida yashovchi D.Ya. va F.M. lar 8 nafar mahalliy fuqarolar bilan birgalikda ijtimoiy tarmoqlarda virtual jamoat tuzib, «jihod»ga chorlovchi materiallarni muntazam ravishda tarqatib, muhokama qilib kelganliklari ma’lum bo‘lgan.

Kelgusida mazkur guruxning 2 nafar a’zosi Suriya davlatiga «jihod» qilish maqsadida chiqib ketishni rejalashtirgani aniqlangan.

O‘tkazilgan tadbir davomida, «virtual jamoat» a’zolarning noqonuniy faoliyatini fosh etuvchi ashyoviy dalillar protsessual tartibda rasmiylashtirib olib qo‘yilgan.

Hozirda, mazkur shaxslarga nisbatan tergov xarakatlari olib borilmoqda.