UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Lacetti hamda Labo avtomobillarini oktabr-noyabr oylarida kutayotgan xaridorlar mashinalarni 2 oy kechikkan holda olishini ma’lum qildi.

Yarimo‘tkazgichlardan (mikrochiplardan) tayyorlangan butlovchi qismlarning global taqchilligi sababli kompaniya avtomobilni yetkazib berish bo‘yicha ilgari tuzilgan shartnomaning 1.2 bandiga mos ravishda shartnomaga 3.1.1 bandni kiritishga majburligini xabar qildi.

«Boshqacha aytganda, UzAuto Motors’ga bog‘liq bo‘lmagan holatlar tufayli, kompaniya 3.1 bandda ko‘rsatilgan Chevrolet Lacetti hamda Labo avtomobillarining kutilayotgan yetkazib berish muddatini 2 oyga uzaytirishga majbur», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, kompaniya ushbu «ekstremal chora» iste’molchilar tomonidan to‘gri qabul qilinishiga umid bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning 8 oyi mobaynida UzAuto Motors 130,4 mingta avtomobil ishlab chiqargani, avgust oyida esa 5534 ta, jumladan 350 ta Cobalt, 177 ta Nexia, 2 ta Lacetti va bitta Spark ishlab chiqargani xabar qilingandi. Keyinchalik, yarimo‘tkazgichlarning tanqisligi sababli mijozlardan o‘rindiqlarning isitish tizimisiz Cobalt avtomobilini qabul qilishlari so‘ralgandi.

Shuningdek, UzAuto Motors mikrochiplar yetishmasligi sabab avtomobillarni un omborida saqlashga majbur bo‘layotgani haqida xabar berilgandi.

Shu kunlarda «Gazeta.uz» ikkilamchi bozorda ko‘pgina avtomobil modellarining narxi sezilarli darajada oshgani haqida yozgan edi. Ikkilamchi avtomobil bozorida narxlarning keskin o‘sishi yangi mahalliy avtomobillarni ishlab chiqarish sekinlashishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin va talabning o‘zgarishsiz o‘sib borishi ikkilamchi bozorning faollashishiga olib keldi, deya qayd yetgan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi.