Prezident Shavkat Mirziyoyevning 28 oktabrdagi qarori bilan Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali negizida Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti tashkil etildi. Bu haqda Huquqiy axborot Telegram-kanali xabar berdi.

Institutda quyidagilar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi:

  • tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib hududlarni ixtisoslashtirish;
  • eksportbop va daromadbop qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishni tashkil etish;
  • qishloq xo‘jaligida innovatsion resurstejamkor texnologiyalarni hamda raqamlashtirilgan agrotexnologiyalarni joriy qilish.

Mazkur OTMda 2021/2022 o‘quv yilidan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida kredit-modul tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda, talabalar uchun haftaning shanba kuni mustaqil o‘zlashtirish kuni deb belgilanadi.

2022 yil yakunigacha talabalar, magistrlar va ilmiy izlanuvchilar hamda yosh professor-o‘qituvchilarning ilmiy ishlanmalari asosida loyihalarning startaplarini yaratish va amaliyotga tatbiq etish bilan shug‘ullanuvchi IT-inkubator ilmiy innovatsion markazi tashkil etiladi.

Ma’lumotga ko‘ra, institutga tegishli yer maydonlarida Jahon banki hisobidan anor, xurmo, limon, qora olxo‘ri, uzum va boshqa meva-sabzavotlarning yuqori hosilli, yiliga 2−3 marotaba hosil olishga imkon beradigan navlarini yaratish bo‘yicha ko‘rgazmali dala maydonlari barpo etiladi.

Qarorga asosan, institutda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kechki (smenali) hamda 2022 yildan oliy ta’limdan keyingi ta’lim (doktorantura)ga qishloq xo‘jaligi ixtisosliklari bo‘yicha qabulni tashkil etish nazarda tutilgan.

Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filiali talabalari institutning mos ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga o‘tkazilib, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga institut diplomi beriladi.

OTM faoliyati Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent davlat agrar universitetining har uchala filialini (Termiz, Nukus va Samarqand) alohida muassasalarga aylantirish hukumatning 2020 yil dekabrdagi qaroribilan ko‘zda tutilgan edi.