15 oktabr kuni «Gazeta.uz» Safia qandolat mahsulotlari tarmog‘i asoschisi Bekzod Samigjonovning yaqinda qurilgan yangi zavodini qutqarishni so‘rab prezidentga murojaat yo‘llagani haqda yozgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zavod qurilgan yer prezident topshirig‘i bilan berilgan. Biroq yerning avvalgi ijarachisi sud orqali yer ajratish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilishga erishgan.

Tadbirkor zavod qurilishiga 40 mlrd so‘m sarflangani, ushbu mablag‘ning katta qismi Islom banki lizingi ekanini ma’lum qildi. Korxonani kelgusi oyda ishga tushirish rejalashtirilgani, chunki kredit bo‘yicha to‘lovlarni 2022 yilning yanvaridan to‘lashni boshlash kerak. Bekzod Samigjanov aks holda ijara va lizing uchun to‘lay olmasligi, bu esa 25 yillik tarixga ega kompaniyaning bankrotligiga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Madina-Muxlisa Star va «Bog‘ishamol» istirohat bog‘i

«Gazeta.uz» mojaroning ikkinchi tomoni — Madina-Muxlisa Star kompaniyasi bilan bog‘landi. Kompaniya yuristi Shoxruh Atajonovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, 2015 yilning 16 sentabrida Toshkentning avvalgi hokimi Rahmonbek Usmonovning qarori bilan kompaniya Uchtepa tumani Foziltepa ko‘chasi 251-uy manzilida joylashgan 4,52 gektar maydondagi «Bog‘ishamol» istirohat bog‘i hududidan foydalanishga ruxsat oldi.

2016 yil 30 avgustda Madina-Muxlisa Star va Toshkent hokimligi o‘rtasida 49 yil muddatga — 2065 yil 16 sentabrgacha uzoq muddatli yer ijarasi to‘g‘risida shartnoma imzolandi. Hujjatga ko‘ra, yer uchastkasi ko‘ngilochar tizimiga ega madaniyat va istirohat bog‘i tashkil etish uchun berilgan.

Loyihani amalga oshirish uchun kompaniya Milliy bankdan binolarni garovga qo‘yib, qariyb 3 million dollar kredit oldi va attratsionlarni olib keldi. Yer maydonining 3,5 gektariga bog‘ hududi, 1 gektariga avtoturargoh tashkil etgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 16 iyun kuni Uchtepa tumaniga tashrif buyurib, bog‘ni 2018 yilning Navro‘z (mart)gacha foydalanishga topshirish haqida topshiriq bergan edi. Buyruq yig‘ilish bayonnomasi sifatida tuzilgan, dedi yurist.

Istirohat bog‘i belgilangan muddatda ishga tushirildi. Ochilish marosimida Toshkent hokimligi vakillari, hukumat a’zolari, jumladan, bosh vazir Abdulla Aripov ham ishtirok etdi, dedi u.

Kompaniya yuristining aytishicha, 2021 yil fevral oyida tuman hokimi Farhod Abdullayev boshchiligidagi ichki ishlar organlari va hokimiyat vakillari boqqa tashrif buyurgan, shundan so‘ng avtoturargoh zo‘rlik bilan buzilgan. Bu hudud qurilishni boshlagan Safia kompaniyasiga topshirilgan. Shu bilan birga, Shohruh Atajonovning qayd etishicha, hokimlik va boshqa organlar buzishni asoslash uchun hujjatlarni taqdim eta olmagan.

«Noqonuniy qaror»

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya vaziyatni o‘rganish chog‘ida poytaxtning yangi hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning 2019 yil 3 dekabrdagi qarori bilan istirohat bog‘i hududining bir qismi zaxiraga olingan va o‘sha yilning 23 dekabrdagi qaror bilan yer Sofiya Qandolat uchun qayta ro‘yxatga olingani va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga ruxsat berilganini aniqlagan.

2021 yil mart oyida Madina-Muxlisa Star kompaniyasi Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga shahar hokimining qarorini haqiqiy emas deb topish va qurilishni to‘xtatib turish to‘g‘risida da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Yuristning so‘zlariga ko‘ra, ular Safia qazish ishlarini boshlagan vaqtida qurilish ishlarini to‘xtatishga erishishgan.

Yuristning ta’kidlashicha, «Madina-Muxlisa Star» kompaniyasi bilan uzoq muddatli ijara shartnomasi, shuningdek, 2015 yildan boshlab yer ajratish to‘g‘risidagi hokimning qarori bekor qilinmagani uchun hokimning yerni zaxiraga olish to‘g‘risidagi qarori noqonuniy qabul qilingan.

«2021 yil 7 aprelda birinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng Sofiya Qandolat qanday asosda qurayotganini so‘radik va hokimlikdan hujjatlarni sudga topshirishni so‘radik. 15 aprel kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi sud majlisida hokimlik advokati 2021 yil 7 aprelda Toshkent shahar hokimi tomonidan imzolangan qarorni taqdim etdi. Ya’ni Sofiya Qandolatga yer ajratish to‘g‘risidagi qaror sudning birinchi kunida qabul qilingan. Bungacha ular [hokimning] yerni zaxiraga olish to‘g‘risidagi qarori asosida qurayotgan edi», — dedi Shohrux Atajonov.

U prezidentning 2018 yil 15 avgustdagi qaroriga (PQ-5511) muvofiq, Toshkent shahar hokimi istisno tariqasida yil davomida — 2018 yil 15 avgustdan 2019 yil 15 avgustgacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri investorga yer ajratish huquqiga ega ekanligini eslatdi. Biroq Jahongir Ortiqxo‘jayev ushbu farmonga asoslanib, 2021 yil 7 aprelda Sofiya Qandolatga yer ajratib bergan. Yuristning fikricha, hokim o‘z vakolatlari doirasidan chiqib ketgan.

Kompaniya vakilining qayd etishicha, birinchi instantsiya sudi 4 may kuni Madina-Muxlisa Starning vajlarini apellyatsiya muddati o‘tganligi sababli rad etgan. Ammo, qonunga ko‘ra, ma’muriy organ qaroridan shikoyat qilishda da’vo muddati sudlanuvchi mansabdor shaxsning qarorini olgan kundan boshlanadi.

«Biz bu qarorning 2019 yilda qabul qilinganini bilmasdik. Bu haqda bizga xabar berilmadi. Biz bu haqda 2021 yilning fevral oyida bildik, chunki shahar hokimining 2019 yildan yerni zaxiraga olish haqidagi qarori Madina-Muxlisa Starga yuborilmagan», dedi u.

Sudning ikkinchi instansiyasi birinchi instansiya hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirdi.

«Biz Safia Qandolatni yer Madina-Muxlisa Starga tegishli ekani, hokim qarori o‘z kuchini yo‘qotish ehtimoli yuqoriligi, Safia Qandolat so‘zlarimizga e’tibor bermay, hokimlikning ko‘rsatma va so‘zlariga ishonib, qurilish ishlarini davom ettirayotgani haqida bir necha bor ogohlantirganmiz», — dedi yurist.

2021 yil 14 sentabrda Oliy sud kassatsiya instansiyasi ishni ko‘rib chiqdi hamda 2019 va 2021 yillardagi hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topdi.

«Hokimlik yer berishga haqli emas»

Shoxrux Atajonov va Avazbek Sharipov. Human.uz videosidan lavha.

Madina-Muxlisa Star rahbari Avazbek Sharipov prezidentga murojaatida kompaniya istirohat bog‘i qurilishi uchun hududni 2016 yildayoq olganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Safia qandolatchilik uyi asoschisi Bekzod Samigjonov o‘z chiqishida «ko‘p narsalarni yolg‘on gapirib, tadbirkorlik sohasida yolg‘on ishlarni qilgan».

«Bundan oldin qaroringiz bilan unga Shayxontohur tumanidan protokol chiqqan. O‘sha joyni tanlamasdan, Sofiya Qandolat bizning avtoturargoh qilgan joyimizga kelib, bu joyni egalladi», — dedi u.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, ular ikki yildan buyon sudma-sud sarson qilmoqda.

«Bizga ko‘p adolatsizliklar bo‘ldi. Hurmatli prezidentimiz, hokimiyatdan adolatsizlik ko‘p bo‘ladi, bizga, tadbirkorga yordam berishmaydi. Sizning gapingizning teskarisini qilishadi hokimiyatdagilar. Bizga yordam qo‘lini cho‘zishmasdan, «Sofiya»ga yordam qo‘lini cho‘zishadi», — dedi u.

Avazbek Sharipovning tasdiqlashicha, istirohat bog‘i qurilishi loyihasiga 5 mln dollar sarmoya kiritilgan va hali 2,7 mln dollar miqdorida kredit mavjud.

«Shu kunlarda kreditlarni to‘lolmayapmiz, qiynalyapmiz. Hamma yog‘imizni alg‘ov-dalg‘ov qilib, tuproq qilish tashlagan. „Musor“ qilib tashlagan hamma joyimizni. Agarda avtoturargoh joyimiz bo‘lmasa, biz hech qanaqasiga turistlarni, mehmonlarni boshqa tumanlarning odamlarini qabul qila olmaymiz», — dedi tadbirkor.

Sobiq avtoturargoh hududida olib borilayotgan qazish ishlari.

Bog‘ direktorining ta’kidlashicha, 2019 yilda Toshkent hokimi hududga tashrif buyurib, avtoturargohi yerini Safia Qandolatga berishga qaror qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari uni bir necha bor sababsiz hibsga olishgan.

«Biz Oliy sudda Safia Qandolatni yutib chiqdik. Yutib chiqqanimizdan keyin bizlarga tazyiqlar bo‘lmoqda va boshqa joylardan, organlardan», — dedi u.

Avazbek Sharipovning aytishicha, Uchtepa tumani hokimi Farhod Abdullayevning o‘zi tepasida turib, buyurib, ekskavatorni ustiga haydattirgan, tayyor joyni buzdirib, yerni zavod qurish uchun Safiaga berdirgan. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, Safiaga tuman hokimi qarori bilan yana 40 sotix yer maydoni berilgan. Hammasi bo‘lib Safia Qandolatga 0,8 gektar yer ajratilgan bo‘lsa, yakunda kompaniya 1,5 gektar yerni olgan.

«Hokimiyat bilan qanday qilib kelishishgan, bu Xudoga ayon. Bularning yerni berishga hech qanday haqqi yo‘q. Nimagaki bizdan so‘ramagan, ikkinchi marta bizning yerimizni olib, xo‘jayinlik qilmoqda. Qaysi asosga ko‘ra?.. Sud bizning joyimizni bekor qilib, keyin bizdan olishi mumkin bu narsani [egalik huquqimizni]», — dedi u.

Avazbek Sharipov prezidentdan bu ish bo‘yicha adolatli qaror qabul qilishni so‘radi.

Attraksionlar va turar-joy majmuasi

Foto: Poul Yak / Google.

«Gazeta.uz» Madina-Muxlisa Starning 2020 yil 16 aprelda Madaniyat vazirligiga yuborgan xatini qo‘lga kiritdi. Unda kompaniya rahbari attraksionlar kredit mablag‘lari evaziga sotib olingani, biroq ularning ba’zilari bog‘ning chekka joylariga o‘rnatilgani sababli tegishli organlar foydalanishga ruxsat bermagani qayd etilgan. U madaniyat va istirohat bog‘i joriy holatida o‘z faoliyatini davom ettira olmasligi, uni qayta tashkil etish imkoniyati yo‘qligini ta’kidladi.

Shu munosabat bilan tadbirkor ushbu hududda ko‘p qavatli turar-joy majmuasi, mehmonxona, savdo-ko‘ngilochar majmuasi qurish bo‘yicha Madaniyat vazirligiga taklif kiritdi. Shu bilan birga, madaniyat saroyi qurish, bo‘lajak turar-joy majmuasidan Madaniyat vazirligiga 10 ta xonadon ajratishni ham rejalashtirgan. Vazirlik istirohat bog‘i hududida ko‘p qavatli uy qurishni noo‘rin, deb hisobladi.

Qayd etish joizki, xatda Madina-Muxlisa Star rahbari Toshkent shahar hokimining 2019 yil 3 dekabrdagi 1,2 gektar avtomobillar to‘xtash joyini shahar hokimligi zaxirasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini tilga olgan.

Uchtepa tumani hokimligi

20 oktabr kuni Uchtepa tumani hokimligi matbuot xizmati davom etayotgan mojaro haqida videorolik e’lon qildi. Lavhada prezident tashrifi davomida bir qancha vazifalar belgilab berilgani, jumladan, tuman aholisining sport majmualarini ko‘paytirish bo‘yicha takliflari ma’qullangani aytiladi.

«2016 yilda bog‘ni boshqarish uchun yer Madina-Muxlisa Starga berilgan. Ammo kompaniya bir necha yillardan buyon ushbu yerdan samarasiz foydalanib kelgani sababli, Toshkent shahar hokimining 2019 yil 3 dekabrdagi qarori bilan yer uchastkasi Toshkent shahar zaxira fondiga o‘tkazilgan», — deyiladi xabarda.

Ushbu qarordan so‘ng «Bog‘ishamol» bog‘i yonidan 8 sotix yer maydoni sport majmuasi qurish uchun hokimlik qoshidagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasiga ajratilgan, bunga Madina-Muxlisa Star rahbari qarshi chiqqan.

Lavhada «Cho‘pon ota» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zoyirbek Soatovning tadbirkorni aholining xohish-istaklari bilan qiziqmayotgani uchun qoralagan so‘zlari keltirilgan. Ulardan ba’zilari sport bilan shug‘ullanish uchun farzandlarini boshqa hududlarga olib borishga majbur bo‘layotganini ta’kidladi.

Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Nuriddin Zaynitdinov Yer kodeksining 36-moddasiga asoslanib, yer uchastkasining to‘liq yoki bir qismiga egalik qilish yoki doimiy yoki muddatli foydalanish huquqi, shuningdek yer uchastkasi ijarasi ikki yil davomida foydalanilmagan taqdirda tugatilishi ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, davlat sport majmuasi qurilishi va jihozlar uchun allaqachon mablag‘ ajratgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlar uchun sport majmuasining mavjudligi muhimroq, chunki yaqin atrofda bunday inshoot yo‘q.

Videorolik so‘nggida hokimlik «Safia» qandolat fabrikasi qurilishi, bu yerda 500 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgani ta’kidlanadi (kompaniya ta’sischisi 4000 ta ish o‘rni haqida ma’lum qilgan edi).

20 oktabr kuni Oliy sud kassatsiya shikoyatini Safia foydasiga hal qildi. Madina-Muxlisa Star qaror ustidan shikoyat qilmoqchi.