Davlat bojxona qo‘mitasining Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda quyma platina va simob suyuq metalining noqonuniy oldi-sotdisiga chek qo‘yildi. Bu haqda DBQ matbuot xizmati xabar qildi.

Urganch shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan shaxs og‘irligi 1 kg. 22 gr.ni tashkil qiluvchi 1 dona platina quymasini hamda salkam 514 gr. og‘irlikdagi zaharli simob moddasini sotishga uringan vaqtida ushlab qolindi.

Rejaga ko‘ra, ushbu shaxs platina quymasini 30 ming dollarga, simobning har bir gramini 1000 dollardan hisoblab, jami 500 ming dollarga sotishni ko‘zlagan.

Mazkur holatda qonunbuzar shaxsdan belgilangan tartibda olib qo‘yilgan platina va simobning umumiy qiymati 1 mlrd 128,5 mln so‘mni tashkil qilmoqda.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.