O‘zbekiston Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining 92 va Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida esa birinchi a’zosi bo‘ldi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov boshchiligidagi delegatsiya Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Gland (Shveysariya) shahrida joylashgan Bosh qarorgohiga tashrif buyurdi. Ularni Ittifoqning rivojlanish guruhi global direktori Enrike Lamann kutib oldi.

Tashrif doirasida O‘zbekistonning Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqiga a’zolik maqomini tan olish marosimi o‘tkazildi.

Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi bioxilmaxillikni saqlash sohasida tadqiqotlar olib boruvchi, tabiatning yaxlitligini saqlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga hissa qo‘shuvchi dunyoda yetakchi tashkilot hisoblanadi. Ittifoq 1948 yilda YUNESKO tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, unga 120 ta davlat tashkilotlari va 91 mamlakat a’zo.

Mazkur Ittifoq bilan o‘zaro hamkorlik Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan birgalikda ishlab chiqilayotgan «O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimi, yerdan foydalanish va ekotizimlarni tiklash», «O‘zbekistonning tog‘li va vodiyli hududlarida o‘rmonlarni barqaror boshqarish», «Markaziy Osiyoda tabiatni muhofaza qilish tizimini mustahkamlash orqali zoonoz kasalliklarning paydo bo‘lishiga landshaft moslashuvchanligini oshirish» kabi qo‘shma grant loyihalari doirasida faollashgani qayd etildi, deyiladi xabarda.

«Bu yutuq O‘zbekistonga Global ekologik jamg‘arma (GEF) va Yashil iqlim jamg‘armasi (ZKF) dan ekologik loyihalar uchun grant mablag‘larini jalb qilishni jadallashtirish, respublikadagi ixtisoslashtirilgan muassasa va tashkilotlarning kadrlar salohiyatini mustahkamlash va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi strategik hujjatlarni ishlab chiqishda Ittifoqning xalqaro standartlarini qo‘llash imkoniyatlarini yaratadi», — qayd etildi bayonotda.