Oliy Majlis Qonunchilik palatasining dushanba kungi majlisida O‘zbekiston prezidentining farqlovchi belgilari, ya’ni o‘z belgisi va shtandartini (bayrog‘i) joriy etishga oid qonunni qabul qildi. Bu norma prezident faoliyatining asosiy kafolatlari to‘g‘risidagi qonunga kiritilmoqda.

Deputatlarga qonun loyihasini adliya vaziri Ruslanbek Davletov taqdim qildi.

Xabarda aytilishicha, xorijiy davlatlarda davlat rahbarining o‘z belgisi va shtandarti yangi saylangan prezidentga qasamyod qabul qilgandan keyin topshirilishi belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ushbu masalalar tartibga solinmaganligi bois, qonunchilikni tegishli mazmundagi norma bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.

Ushbu tartib lavozimga saylangan shaxsni prezidentlik lavozimiga yuklatilgan murakkab vazifalarni samarali amalga oshirishiga xalq va jamiyat tomonidan bildirilgan ishonch belgisi sifatida xizmat qilishi ta’kidlandi.

Hujjat Senatga yuborildi. Endi qonun yuqori palata tomonidan ham ma’qullanishi lozim.