15−17 oktabr kunlari Afg‘oniston uchun BMTning Qochqinlar masalalari bo‘yicha boshqarmasining gumanitar yordami ortilgan uchta samolyot Termiz xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Bu haqda boshqarmaning Twitter`dagi sahifasida xabar berildi.

Uch kun davomida BMTning Dubaydagi Logistika markazidan olib kelingan favqulodda yordamning umumiy og‘irligi 100 tonnani tashkil etdi.


Logistika markazida gumanitar yordam yuk mashinalariga ortiladi, u yerdan esa Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahriga «Termiz — Hayraton» chegara punkti orqali yetkaziladi.

«O‘zbekiston hukumatiga Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish borasidagi hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiramiz. Biz ushbu yordamni yetkazib berishning yangi yo‘nalishi Afg‘onistondagi gumanitar inqirozni bartaraf etishga va millionlab ziyon ko‘rgan odamlarga yordam beradi deb hisoblaymiz», — deyiladi xabarda.

Yuklar manzilga yuborilgunga qadar Termez Cargo Centre logistika markazida saqlanadi.


oktabr oyi boshidan beri Termizdagi logistika markazi Afg‘onistonga BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturining 40 vagon mahsulotlarini yubordi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Termizdagi logistika markazi Afg‘oniston uchun mo‘ljallangan gumanitar yordamning 32 tonnalik birinchi partiyasini qabul qilgani haqida yozgan edik.