Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Paxtachi tumanida joylashgan bog‘chada oshpaz va xo‘jalik ishlari mudiri go‘sht o‘g‘irlagani tasvirlangan video tarqaldi.

Holat yuzasidan viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, Paxtachi tuman “Hayit Elbegi” mahallasida joylashgan 28-sonli bog‘chaning bosh oshpazi O‘. A. pishirilgan 4,7 kg go‘shtni olib kirxonaga bekitib qo‘ygan. So‘ngra kirxona derazasidan pishgan 4,7 kg go‘shtni bog‘cha xo‘jalik mudirasi M. E. ga bergan. U go‘shtni bog‘cha hovlisidan olib chiqib ketayotganda bog‘cha tarbiyachilari N.N. hamda M.U. lar tamonidan ushlangan.

Mazkur holat bo‘yicha bog‘cha bosh oshpazi O‘. A. hamda xo‘jalik mudirasi M. E. bilan suhbat o‘tkazilganda, bu ishlar doimo bog‘cha direktori Sh. U. ning topshirig‘i va ko‘rsatmasiga asosan qilingani ta’kidlangan. Ular haqiqatan ham bog‘cha tarbiyachilari N.N. hamda M.U. larning aytgan gaplari va ular tomonidan olingan video va audio yozuvlardagi lavhalar to‘g‘ri ekanligini o‘z tushuntirish xatlarida bayon qilganlar.

Bog‘cha bosh oshpazi O‘. A. va xo‘jalik mudirasi M. E. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Paxtachi tumani prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tekshirish natijalariga ko‘ra, 28-sonli bog‘chaning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.