Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, koronavirusga PSR tekshiruvini o‘tkazish uchun O‘zbekistonga mobil ko‘chma laboratoriya olib kelindi.

Laboratoriya Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati va OPASCA kompaniyasi ko‘magida «Germaniya hukumati tomonidan O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini texnik va tashkiliy qo‘llab-quvvatlash» loyihasi doirasida jo‘natildi.

Uskunaning quvvati kuniga 1500 ta tahlil uchun mo‘ljallangan. U 6 soatgacha elektrsiz ishlashi mumkin. Laboratoriya haydovchi va uchta tibbiyot xodimining ishiga to‘liq moslashtirilgan. Unda dam olish, ovqatlanish, cho‘milish va boshqa ehtiyojlar uchun zarur sharoitlar mavjud.

Ko‘chma laboratoriya dastlabki faoliyatini Samarqand viloyatining chekka va aholi gavjum bo‘lgan hududlarida boshlaydi. Aholi ushbu laboratoriyada koronavirusga bepul test topshirishi mumkin.

Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyevning aytishicha, bugungi kunda O‘zbekistonning turli viloyatlarida 200 ga yaqin PSR laboratoriyalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Biroq chekka va olis hududlar aholisini to‘liq qamrab olishda ba’zi muammolar yuzaga kelgan.



«Shu sababli, bugun taqdim etiladigan ko‘chma mobil PSR laboratoriyasi sizga mamlakatning istalgan joyiga sayohat qilish va koronavirus uchun tahlil o‘tkazish imkonini beradi. Yana bir muhim jihat shundaki, bu zamonaviy texnikalar yordamida 1 soat ichida PSR test natijalarini olish mumkin», — dedi u.