O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 oktabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlari kengashining videoanjuman shaklida o‘tgan yubiley majlisida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko raisligida o‘tgan sammit ishida Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Moldova bosh vaziri Natalya Gavrilitsa, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi — ijrochi kotibi Sergey Lebedev ham qatnashdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida MDH doirasidagi sheriklikni mustahkamlashning muhim yo‘nalishlari yuzasidan nuqtai-nazarini bayon qildi.

Hamdo‘stlik mamlakatlarida barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash muhim ekanini alohida ta’kidladi.

Hamdo‘stlik makonida erkin savdo hududining istisnolik va cheklovlarsiz, to‘laqonli faoliyat yuritishi zarurligi qayd etildi. Shu munosabat bilan kompleks tahlil asosida birlashma doirasidagi savdo siyosatini yanada liberallashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish taklif etildi.

«Qo‘shma loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va biznesning uzoq muddatli loyihalarini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston prezidenti sanoat kooperatsiyasini rivojloantirishni MDH makonining 2022 yilgi iqtisodiy kun tartibining muhim masalasi sifatida belgilashni taklif qildi», — deyiladi prezident matbuot xizmati bergan xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, O‘zbekiston tashabbusi bilan hamkorlik bo‘yicha tegishli uzoq muddatli dastur tayyorlanmoqda. Kelgusi yilda mamlakatda Hamdo‘stlikda sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha forum va ko‘rgazma o‘tkaziladi.

Davlat rahbari samarali mintaqalararo va transqit’aviy transport yo‘laklari tizimini, shu jumladan yuk tashish tariflarini pasaytirish va tartibotlarini soddalashtirish orqali yanada rivojlantirish zaruriyatiga alohida e’tibor qaratdi.

Hamdo‘stlik mamlakatlarining texnologik va IT-parklari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha dastur ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.

MDH Iqtisodiy kengashi faoliyatiga mamlakatlarning ishbilarmon doiralari va hududlari vakillarini jalb qilish orqali kengash faoliyatini kuchaytirish muhim ekani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va «yashil» kun tartibini ilgari surish, biologik xavfsizlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish, mehnat bozorini takomillashtirish, o‘zaro sayyohlar oqimini qayta tiklash va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti afg‘on xalqiga insonparvarlik va iqtisodiy yordamni davom ettirish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidladi.

Ayni paytda terrorizm va narkotrafikka qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Davlat rahbari O‘zbekiston MDH mamlakatlari xalqlarining farovonligi yo‘lidagi sheriklikda aniq natijalarga erishish maqsadida konstruktiv muloqotni davom ettirish va yaqindan hamkorlik qilishda qat’iy ekanini tasdiqladi.

Sammit yakunida tashkilotning 30 yilligi munosabati bilan bayonot, biologik xavfsizlikni ta’minlash, migratsiya sohalarida hamkorlik to‘g‘risida bayonotlar, Oliy sudlar vakillarining kengashini tuzish to‘g‘risida bitim hamda ko‘p tomonlama hamkorlikning turli yo‘nalishlariga doir boshqa qator muhim hujjatlar qabul qilindi.