14 oktabr kuni Jahon odil sudlov loyihasi (World Justice Project) Huquq ustuvorligi indeksining 2021 yilgi natijalarini (PDF) e’lon qildi. O‘zbekiston ushbu indeksda 14 pog‘onaga ko‘tarilib, eng yaxshi natija ko‘rsatgan mamlakatdan biriga aylandi.

2021 yil tadqiqotlarda 138 mingta uy xo‘jaligi va 4 mingdan ortiq huquqshunos va mutaxassislar o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazildi. Unda 139 ta mamlakatdagi huquq ustuvorligi darajasi baholangan.

Bu yilgi tadqiqotlar shuningdek, yangi 11 ta mamlakat: Gaiti, Irlandiya, Kipr, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Malta, Paragvay, Kongo Respublikasi, Slovakiya Respublikasi, Sudan. Shuningdek, indeks ilk bor butun Yevropa Ittifoqini qamrab olgan.

Tadqiqotga ko‘ra, to‘rtinchi yil ketma-ket ko‘p mamlakatlar qonun ustuvorligi bo‘yicha o‘z ko‘rsatkichlarini yaxshilash o‘rniga pasaytirdi. COVID-19 global pandemiyasi hukmronlik qilgan bir yil mobaynida o‘rganishlar olib borilgan mamlakatlarning 74,2 foizida huquq ustuvorligi ko‘rsatkichlari pasayib bordi, qolgan 25,8 foiziniki esa yuqoriladi. Bu yil pasayish kuzatilgan mamlakatlarning 74,2 foiziga dunyo aholisining 84,7 foizi yoki 6,5 mlrd kishi to‘g‘ri keladi.

Shunga qaramasdan, bu yilgi nashrda O‘zbekistonga berilgan baholar 4,1 foizga — jami 0,49 ballga ko‘tarilgan. Natijada mamlakat o‘z o‘rnini 14 pog‘onaga yaxshilab, 85 o‘rinni egalladi.


Foto: World Justice Project.

Huquq ustuvorligi sohasidagi eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan mamlakatlar qatorida O‘zbekiston (asosan davlat vakolatlariga cheklovlarni oshirish va korrupsiyaning yo‘qligi bilan bog‘liq ko‘rsatkichni — 4,1 foizga yaxshiladi) va Moldova (3,2 foizga yaxshilanib, 16 o‘ringa ko‘tarilgan, asosan davlat vakolatlariga cheklovlarni oshirish, korrupsiya, ochiq hukumat, fuqarolik va jinoiy adolatga erishish) e’tirof etildi.

WJP tashkilotining 2021 yilgi Huquq ustuvorligi indeksida Daniya, Norvegiya va Finlyandiya ilg‘ori o‘rinlarni egalladi. Venesuela, Kambodja va Kongo Demokratik Respublikasi 2020 yildagi kabi eng past umumiy huquq ustuvorligi ko‘rsatkichlarini qayd etdi.

Huquq ustuvorligi eng katta pasayishi Belarusga (-7,5%) va Myanmaga (-6,3%) to‘g‘ri kelmoqda. Har ikki davlatda ham pasayish asosan davlat vakolatlarini cheklash va asosiy huquqlar ko‘rsatkichlarining pasayishi bilan bog‘liq.