Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tumani sudida uch kunlik chaqalog‘ini sotishga uringan ayol ustidan sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Yoshlar” telekanalining “Yangi davr” dasturida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, sudlanuvchi ayol bundan yetti yil oldin 1987 y.t. erkak bilan shar’iy nikohdan o‘tgan va u bilan yashab kelgan. Ikki nafar farzandi dunyoga kelgach, ular qonuniy nikohdan o‘tgan. Ammo oilaviy mojarolar sabab ayol 2019 yilda uydan chiqib ketgan. 2021 yilda yana homilador bo‘lib qolgan va tug‘ilajak farzandini sotish yo‘llarini qidirgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi va tuman IIB xodimlari chaqaloqni 18 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan paytda qo‘lga olishdi.

Sud majlisida ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 135-modda 3-qismining “a” bandi (Odam savdosi o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa) bilan aybdor deya topilgan va unga 5 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Ayblanuvchining turmush o‘rtog‘i chaqaloq uning farzandi bo‘lmagani sabab uni olib ketishdan bosh tortgan va u bolalar uyiga joylashtirilgan.

Avvalroq, qashqadaryolik fuqaro Gulistonda besh kunlik chaqalog‘ini 5000 dollar evaziga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.