Toshkentning Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasida, Pushkin maydoni yaqinida joylashgan Millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi binosini rekonstruksiya qilish loyihasi 35,4 mlrd so‘mga baholanmoqda. Davlat xaridlari portaliga joylashtirilgan ma’lumotga Davletovuz Telegram kanali e’tibor qaratdi.

Foto: Yandeks.Xarita.

Tenderda qatnashish uchun «Trest-12» va Power Construction Planet (hozirda — Discover Invest) ariza topshirgan. 8 sentabr kuni tender komissiyasi 35,41 mlrd so‘m (raqobatchisi taklifidan 157,1 mln so‘m kam) va 214 kunlik muddat («Trest-12»da — 250 kun) taklif qilgan Discover Invest kompaniyasini g‘olib sifatida tanladi.

9 sentabr kuni Toshkent hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi Discover Invest bilan shartnoma imzoladi. Loyiha 2021 yilning ikkinchi choragida davlat budjeti daromadlarining ortiqcha bajarilgan qismi va mahalliy budjetga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.

Loyihada qo‘mita bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, tutash hududni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish, ko‘cha va yo‘llarni asfaltlash, shuningdek, piyodalar yo‘ligini chorqirra tosh bilan qoplash ko‘zda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi 2017 yil may oyida Respublika baynalmilal markazi hamda Xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi bazasida tashkil etilgan.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri (KTYADR) ma’lumotlariga ko‘ra, Discover Invest 2008 yil sentabrida ro‘yxatga olingan. 67 foiz ulush Ismoil Isroilov, 33 foizi esa kompaniya rahbari hisoblangan Abdurasul Zohidovga tegishli.

Ismoil Isroilov ilgari Akfa Engineering and Management kompaniyasi direktori va direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Shuningdek, u Kolorpak bosmaxonasida (36,7 foiz) va Zo‘r TV teleradiokanalida (50 foiz) ulushlarga ega. 2020 yil yanvarida Abdurasul Zohidov Discover Invest kompaniyasi direktori sifatida «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi (u Tashkent City va Ashxobod bog‘lari, Kongress markazi bo‘lgan Hilton mehmonxonasi, Imzo va Artel zavodlari, Akfa Medline va boshqa inshootlarni qurgan).

Intellektual mulk agentligining «Intellektual Mulk» axborot-qidiruv tizimiga ko‘ra, Discover Invest savdo belgisi Power Construction Planet (hozirgi — Discover Invest) kompaniyasiga tegishli bo‘lib, belgini (patentni) ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza yagona ta’sischisi Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bo‘lgan J-United Group tomonidan berilgan. Bu kompaniya jami 200 dan ortiq savdo belgilariga egalik qiladi.