Qirg‘iziston prezidenti hukumatni iste’foga chiqardi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Vazirlar Mahkamasi rahbari Ulukbek Maripovni va butun hukumatni iste’foga chiqardi. Bu haqda Qirg‘iziston davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi. «Prezident «Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining iste’fosi to‘g‘risida"gi farmonga imzo chekdi. Farmonga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining amaldagi tarkibi iste’foga chiqarildi», — deyiladi xabarda. Ushbu qaror tafsilotlari keltirilmagan.

Boshqa farmon bilan Japarov Vazirlar Mahkamasi raisi Ulukbek Maripovni lavozimidan ozod qildi. Vazirlar Mahkamasi a’zolari lavozimlarini egallagan shaxslar «ijroiya organining yangi tarkibi tuzilgunga qadar o‘z vazifalarini bajarishda davom etadilar». Vazirlar Mahkamasining raisi v.b., shuningdek, prezident ma’muriyatining boshlig‘i etib iyun oyidan buyon Iqtisodiyot vazirligini boshqarayotgan Akilbek Japarov tayinlandi. Ma’muriyat rahbari sifatida u seshanba kuni Qirg‘iziston davlat kotibi bo‘lgan Suyunbek Kasmambetov o‘rnini egalladi.

5 may kuni Qirg‘iziston prezidenti referendumda qabul qilingan respublika konstitutsiyasi loyihasini imzolagandi. Yangi konstitutsiya prezident vakolatlarini kengaytirgan bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining tuzilishi va faoliyati uchun javobgarlikni prezident zimmasiga yuklatildi.


Ukraina va Yevropa Ittifoqi umumiy havo makoni to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar

Ukraina va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida umumiy havo makoni, Ukrainaning «Horizon Europe» tadqiqot va innovatsion dasturiga qo‘shilishi, shuningdek, 2021−2027 yillarda Ukrainaning «Ijodiy Yevropa» dasturida ishtirok etish to‘g‘risida bitimlar imzolandi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.

«Shartnoma imzolandi, bu yaxshi. Yevropa Ittifoqi va Ukraina uni darhol qo‘llay boshlaydi. Bu shuni anglatadiki, Yevropa va Ukraina aviakompaniyalari Yevropa Ittifoqi va Ukrainaning istalgan aeroportlari o‘rtasida hech qanday cheklovlarsiz parvozlarni amalga oshira oladi», — dedi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen.

Ta’kidlanishicha, Yevropa Ittifoqi va uchinchi davlatlar o‘rtasida umumiy havo makoni to‘g‘risidagi ikki tomonlama shartnomalar xavfsizlik standartlarini o‘rnatadi va aviatsiya sohasidagi bozor munosabatlarini erkinlashtiradi. «„Vizasiz aviatsiya“ tufayli Ukraina havo transporti sohasida Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlardagidek imkoniyatlar, qoidalar va standartlarga ega bo‘ladi. Ukrainaliklar uchun shartnoma sayohat qilish uchun ko‘proq imkoniyat va yo‘nalishlarni ochadi», deya hujjatga izoh berdi Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal.

Boshqa bitimlar:

  • Yevropa Ittifoqining tadqiqot va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash dasturi Horizon Europe hamjamiyat mamlakatlari va sherik davlatlar o‘rtasida olimlar, o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kuchaytirish, shuningdek, transchegaraviy tadqiqot faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan. Uning 2021−2027 yillar uchun budjeti taxminan 100 mlrd yevroni tashkil qiladi.
  • «Ijodiy Yevropa» — bu Yevropa Ittifoqi dasturi bo‘lib, u uchta kichik dasturdan iborat: «Madaniyat», kino va audiovizual sektorni qo‘llab-quvvatlaydigan «Media», tarmoqlararo o‘zaro aloqani qo‘llab-quvvatlaydigan va axborot vositalarini o‘z ichiga oluvchi «Idoralararo hamkorlik».

Xitoyda suv toshqinlari oqibatida 30 ga yaqin kishi halok bo‘ldi

Xitoyning Shansi provinsiyasida sodir bo‘lgan toshqinlar oqibatida 15 kishi halok bo‘ldi, yana uch kishi bedarak yo‘qolgan. Kuzgi suv toshqini natijasida 1,8 mlnga yaqin odam jabr ko‘rgan, 120 mingdan ortiq odam xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilindi. Ma’lum qilinishicha, 37 mingdan ziyod uy va binolar qisman yoki butunlay vayron bo‘lgan, dehqonchilik yerlari suv ostida qoldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiiy ofatdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy zarar 5 mlrd yuandan (770 mln dollar) oshdi.

Bundan tashqari, Xebey provinsiyasida 51 yo‘lovchini olib ketayotgan avtobus suv bosgan ko‘prikka kirib, daryoga qulab tushdi. Buning natijasida, 13 kishi halok bo‘ldi, bir kishi bedarak yo‘qolgan hisoblanmoqda. — Interfaks (Xitoy OAV).

Shuningdek:

  • Xitoy hukumati ikki oy ichida moliyaviy bo‘limlar, yirik davlat banklari va sug‘urta kompaniyalarida korrupsiyaga qarshi tekshiruv o‘tkazadi. Tekshiruv XXR Kommunistik partiyasi intizom nazorati bo‘yicha markaziy komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. 15 dekabrga qadar idora iste’molchilarning shikoyatlarni qabul qiladi. Rejaga ko‘ra, 25 ta tashkilot, shu jumladan Xitoy bank va sug‘urtani tartibga soluvchi qo‘mita (CBIRC) tekshiriladi. — Bloomberg.

Eron va Saudiya Arabistoni konsulliklarni qayta ochish to‘g‘risida kelishib oldilar

Bu haqda AFP o‘z manbasiga tayanib xabar berdi, deb yozmoqda TASS. «Ular konsulliklarning ishini qayta boshlash to‘g‘risida kelishib oldilar. O‘ylaymanki, yaqin haftalarda [munosabatlarni] normallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishish mumkin bo‘ladi», deydi AFP manbasi.

Avvalroq, Eron TIV matbuot kotibi Said Xotibzodaning aytishicha, hozirga qadar Tehron va Ar-Riyod o‘rtasida beshta muzokaralar bo‘lib o‘tgan: to‘rttasi Bag‘dodda, biri Nyu-Yorkdagi BMT Bosh assambleyasi doirasida. Uning so‘zlariga ko‘ra, muloqot ikki tomonlama va mintaqaviy masalalarga, jumladan Fors ko‘rfazi va Yamandagi vaziyatga qaratilgan bo‘lgan. 21 iyun kuni Eronning yangi prezidenti Ibrohim Raisi saylovdan keyingi birinchi matbuot anjumanida Tehron va Ar-Riyod o‘rtasidagi muloqot va elchixonalarni qaytarish uchun hech qanday to‘siq yo‘qligini aytgandi.

Ar-Riyod va Tehron o‘rtasidagi munosabatlar 2015 yil mart oyida Saudiya Arabistoni boshchiligidagi Yamandagi «Ansor Alloh» (hutiylar) harakatiga qarshi harbiy operatsiya boshlanishi bilan keskinlashgandi. Eron qirollikning bu harakatlarini mintaqadagi vaziyatning beqarorlashuvga qaratilgan deb hisoblagan. O‘z navbatida, Saudiya tomoni Tehronni hutiylarni qurollar bilan qo‘llab-quvvatlashda aybladi.


JSST immuniteti zaif odamlarga COVID-19'ga qarshi vaksinaning uchinchi dozasi bilan emlanishni tavsiya qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ekspertlari immuniteti zaif odamlarga tashkilot tomonidan tasdiqlangan koronavirusga qarshi vaksinaning uchinchi dozasi bilan emlanishni tavsiya qildilar.

JSSTning strategik maslahatlashuv ekspertlar guruhi immunitet tanqisligi bo‘lgan odamlarga vaksinaning qo‘shimcha (buster) dozasini taklif qilish kerakligini aytdi. Ularning fikricha, ikkita dozali emlash yetarli bo‘lmasligi va ular COVID-19'ning og‘ir shakliga duch kelishlari mumkin. Ekspertlar guruhi, shuningdek, avvalroq Xitoyning Sinovac yoki Sinopharm vaksinalari bilan emlangan, 60 yoshdan oshgan odamlarga uchinchi dozani olishni maslahat berdi. Shunga qaramay, mutaxassislarning ta’kidlashicha, hozirda ular aholining barcha qatlamlari uchun «buster» dozani tavsiya qila olmaydi. — Interfaks.

JSST tomonidan tasdiqlangan preparatlarga Pfizer-BioNTech, Janssen, Moderna, Sinovac, Sinopharm va AstraZeneca kiradi.


Shuningdek:

  • JSST postkovid sindromiga rasmiy klinik ta’rif berilganini ma’lum qildi. Koronavirus bilan kasallanganlarning taxminan 10−20 foizi ushbu sindromga chalingan.
  • Norvegiya bosh vaziri, Konservativ partiya rahbari Erna Sulberg parlament saylovlarida mag‘lub bo‘lganidan so‘ng qirol Xarald V ga o‘z hukumatining iste’fosi haqida xabar berdi. U o‘z qarorini parlament a’zolariga ham yetkazdi. Sulberg, shuningdek, qirolga g‘olib bo‘lgan Ishchi partiyasi raisi Yonas Gar Styordan yangi hukumat tuzishni so‘rashni maslahat berdi. — Norway Today.