Bayram sanasi munosabati bilan dam olish kuni ishlanmaydigan kunga to‘g‘ri kelgan taqdirda, dam olish kunini bayramdan keyingi kunga ko‘chirilishi belgilanayapti.

Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida deputatlar «O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qonun loyihasi muhokamasi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Xalq vakillari — agar dam olish kuni yakshanba kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, unda navbatdagi ish kuni dam olish kuni sifatida e’lon qilinadimi? dam olish kuni ishga chiqish so‘ralganlar yoki shunga majbur etilganlar-chi? Ular qanday yo‘l tutishi kerak? kabi savollarni o‘rtaga tashlashdi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi — qonunchilikda belgilangan bayram kunlari agar yakshanba kuniga to‘g‘ri kelsa, unda dushanba kuni dam olish kuniga qo‘shib berishni nazarda tutadi.

Ta’kidlanishicha, loyiha quyi palataning 7 oktabrdagi yig‘ilishida birinchi o‘qishda muhokama qilingan. «O‘tgan vaqt davomida ishchi guruhi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar asosida loyihani mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida muhokama qilib, uni pishiq-puxta holatga keltirdi», — deyiladi xabarda.

Deputatlarning fikricha, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining qabul qilinishi amaliyotda qator qulayliklarni yaratadi.

«Bunda bozor iqtisodiyoti talablarini hisobga olgan holda xodimlar va ish beruvchilar manfaatlarining muvozanati ta’minlanadi, ularning ijtimoiy hamkorlikka jalb qilinishi ortib, tomonlarning mehnat natijadorligiga qiziqishi rag‘batlantiriladi», — deyilgan quyi palata xabarida.