Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatida saylovchilar bilan uchrashuvda viloyatni Tojikiston orqali Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lovchi 4 ta tranzit avtobus yo‘nalishlarini joriy qilish rejasi bilan o‘rtoqlashgan edi.

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, davlat rahbari Guliston shahrida qurilayotgan Tadbirkorlar va hunarmandlar markaziga tashrifi davomida OAV vakillari bilan ham muloqot qilgan.

Unda Shavkat Mirziyoyev jurnalistlarning ushbu yo‘lning ochilishiga Tojikiston tomonining munosabati qandayligi haqidagi savoliga javob bergan.

Kun.uz`ning yozishicha, prezident bu yo‘l qadimdan bo‘lgani va Xovosni Tojikiston hududi orqali vodiy bilan bog‘laganini ta’kidlagan.

«Afsuski, turli sabablarga ko‘ra bu yo‘l yopilib qoldi. Men uni ochish bo‘yicha anchadan beri o‘ylayapman, qo‘shnilarimiz bilan bu masalani muhokama qilyapman. Ular bu yo‘lning ochilishiga rozi, yo‘lning ahvoli ham qoniqarli, yaxshi ta’mirlab turishgan. Bu reja amalga oshishi har ikki davlat uchun ham manfaatli. Chunki bordi-keldi, savdo-sotiq bo‘ladi», — dedi u.

Davlat rahbarining so‘zlariga qaraganda, avvaliga mazkur yo‘nalishlar sinov tariqasida, keyin esa muntazam yo‘lga qo‘yiladi.

«Eng muhimi — bu rejamiz amalga oshirilishi Qamchiq dovonidagi transport oqimini kamaytiradi. Chunki qatnov yildan-yilga oshib bormoqda. Lekin buning uchun hali ishlashimiz kerak, yangi, sifatli avtobuslar xarid qilishimiz, dastlab sinov tariqasida, keyin muntazam qatnovni yo‘lga qo‘yishimiz zarur», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, mazkur yo‘lning qayta tiklanishi vodiy aholisining Sirdaryo va Jizzaxga kelib ishlab, shu yerda istiqomat qilayotgani bilan ham bog‘liq.

«Masalaning yana bir jihati — Sirdaryo, Jizzax aholisiga e’tibor bersangiz, ularning aksariyati cho‘lquvar bo‘lib vodiydan kelganlar. Jizzaxning Zarbdor tumanidagi sovxozlardan biri hatto „Andijon“ deb nomlangan, „Ozarboyjon“ nomlisi ham bor. Shu sabab bu hudud aholisi uchun Farg‘ona vodiysi bilan bordi-keldi qulay bo‘lishi juda muhim. Xudo xohlasa bu rejani amalga oshiramiz», — dedi prezident.