20−24 sentabr kunlari o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida respublika bo‘yicha tabiiy gazdan 67 ta noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Ushbu qisqa 4 kun ichida 1 millon 379 ming kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan. Ushbu hajmdagi tabiiy gaz hozirgi kunda 130 mingta xonadonning 1 kunlik gaz iste’molini tashkil qiladi.

Mazkur noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi Xorazm, Farg‘ona va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda.

«Shu o‘rinda joriy yilning 9 oyida respublika bo‘yicha tabiiy gazdan jami 2 ming 535 ta noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Buning natijasida 86 mln 923 ming kub metr yoki 77 mlrd 877 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan», — deyiladi xabarda.

Taqqoslash uchun ushbu miqdordagi gaz hajmi hozirgi kunda 40 mingta xonadonning qariyib 1 yillik iste’molini tashkil etadi.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, gaz ta’minoti doirasida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni betalofat o‘tkazish bo‘yicha olib borilgan chora-tadbirlar natijasida umumiy ishlarning 96 foizi bajarilgan.

Joriy yilda gaz tarmoqlarini tartibga keltirish natijasida 283 mingta aholi xonadonlarining tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanadi.

Kuz-qish mavsumida tabiiy gaz ta’minoti bo‘yicha yuridik iste’molchilarga 18 mlrd kub metr, aholi iste’molchilariga esa 11 mlrd kub metr tabiiy gaz yetkazib beriladi. Bu esa, o‘tgan mavsumga nisbatan 3 mlrd kub metrga ko‘pni tashkil qiladi. Shuningdek, kuz-qish mavsumida iste’molchilarga 318 ming 600 tonna suyultirilan gaz yetkazib beriladi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 13 ming tonnaga ko‘p.

Biroq, ishlab chiqarish va yetkazib berish hajmi qanchalik oshirilmasin, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va xonadonlarning energiya samaradorligiga e’tibor berilmasa, ko‘rilayotgan choralar samarsini bermasligi mumkin, deyiladi xabarda.

Natijada tarmoqda uzilishlar yuzaga kelishi va iste’molchilarning e’tirozlariga sabab bo‘lishi mumkin. Qolaversa, tabiiy gazdan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlari ham tizimga katta miqdorda salbiy ta’sirini ko‘rsatishi qayd etilgan.