Gruziya raqamli larini joriy etish maqsadida 2022 yilda sinov dasturini ishga tushirishni rejalashtirmoqda

Gruziya Milliy banki raqamli larini muomalaga kiritish ustida ishlamoqda, sinov dasturi 2022 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan, deb yozmoqda Interfaks Gruziya markaziy banki vitse-prezidenti Papuna Lejavaga tayanib.

«Dunyo markaziy banklarining 85 foizi raqamli valyutalar ustida ishlamoqda, ba’zilari tadqiqot bosqichida, ba’zilari sinovdan o‘tkazmoqda, ba’zilari, jumladan Xitoy va Bagama orollari allaqachon joriy etgan. Biz ham bu tendensiyaning boshida bo‘lishni xohlaymiz», — deydi Lejava. «Raqamli valyuta — bu kriptovalyuta emas, balki naqd pul evolyutsiyasidir. Bu ham katta ehtimol bilan blokcheynga asoslangan bo‘ladi, shuningdek, tez va arzon to‘lov usuli bo‘ladi. Biroq, zamonaviy kriptovalyutalardan farqli o‘laroq, bu yerda hech qanday mayning bo‘lmaydi. Milliy bank raqamli valyutaning yagona emitenti bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Unga ko‘ra, raqamli lari ba’zi xizmatlarda kriptovalyutalar bilan raqobatlasha oladi, lekin spekulyativ to‘planish xarakteriga ega bo‘lmaydi. Dastlabki bosqichda chakana savdo uchun raqamli lari joriy etish rejalashtirilgan.

Joriy yilning aprel oyida Yaponiya banki (markaziy bank) o‘zining raqamli valyutasini chiqarish imkoniyatlarini sinab ko‘rish bo‘yicha eksperimentning birinchi bosqichini boshlagandi.


Sukerberg Facebook’ning bolalarga zarar yetkazayotgani haqidagi gaplarni inkor etdi

Facebook bosh direktori Mark Sukerberg mahsulotlar bo‘yicha sobiq menejer Frensis Xaugenning ijtimoiy tarmoq bolalarga zarar yetkazayotgani haqidagi ayblovlarini rad etdi. «Biz xavfsizlik, farovonlik va ruhiy salomatlik kabi masalalarga jiddiy e’tibor qaratamiz», — deydi Sukerberg Facebook’dagi sahifasida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xaugenning da’volari asossiz.

«Agar biz tadqiqotlarni e’tiborsiz qoldirishni istagan bo‘lganimizda, unda nega biz bu muhim savollarni hal qilish uchun sanoatning yetakchi tadqiqot dasturini yaratdik? Agar biz zararli kontent bilan kurashish haqida qayg‘urmayotgan bo‘lsak, unda nega biz o‘z makonimizdagi boshqa kompaniyalarga qaraganda ko‘proq odamlarni ishga oldik?» — deb yozadi u. Sukerberg «bu ayblovlar zamirida biz xavfsizlik va farovonlikdan ko‘ra daromadni birinchi o‘ringa qo‘yamiz, degan fikr yotadi. Bu shunchaki haqiqat emas», deb qo‘shimcha qiladi.

Avvalroq, Xaugen AQSh Senatidagi tinglovda, Facebook nafrat so‘zlari, noto‘g‘ri ma’lumotlar va voyaga yetmaganlar uchun noo‘rin reklamalarga qarshi kurashda sun’iy intellektga juda ishonishini aytgan edi. Uning fikricha, Facebook mahsulotlari bolalar uchun zararli, kompaniya esa foydani foydalanuvchilar xavfsizligidan ustun qo‘yadi.


Avstriyaning hukmron partiya idoralarida tintuvlar o‘tkazildi

Avstriya kansleri Sebastyan Kurs boshchiligidagi hukmron Xalq partiyasi idoralari prokurorlar tomonidan tintuv qilindi. Partiya bosh kotibi o‘rinbosari Gabi Shvars prokuratura tintuv o‘tkazganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «ayblovlar besh yil oldin sodir bo‘lgan voqealar bilan bog‘liq» va reydlarning o‘zi «namoyishkorona» tarzda o‘tkazilgan. U partiyada aynan kim tergov qilinayotganiga aniqlik kiritmadi.

Die Presse gazetasining yozishicha, reydlar devonxonada ham o‘tkazilgan va ular Kursning partiyadoshlariga tegishli bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, tintuvlar «Oesterreich» gazetasida so‘rovlar va reklamalarni e’lon qilishda korrupsiya sodir etilganligi haqidagi iddaolar bilan bog‘liq.

12 may kuni Avstriya Iqtisodiy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurashish prokuraturasi Kurs va uning shtab boshlig‘i Bernxard Bonelli ustidan 2019 yil «Ibitsa Geyt» ichki siyosiy mojarosiga oydinlik kiritish va parlamentning kuzatuv kengashi a’zolarini tayinlash bo‘yicha parlament qo‘mitasi tinglovida soxta ko‘rsatmalar berilgani bo‘yicha tergov boshlagan edi.


Xitoy 2025 yilga kelib Tayvanni bosib olishga to‘liq tayyor bo‘ladi — Tayvan rasmiylari

Xitoy Xalq ozodlik armiyasi (XXOA) 2025 yilga kelib Tayvanga keng miqyosli bostirib kirishga to‘liq tayyor bo‘ladi, deya ta’kidlamoqda orol mudofaa bo‘limi boshlig‘i Syu Gochjen.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Tayvan bo‘g‘ozining ikki qirg‘og‘i o‘rtasidagi munosabatlar 40 yil ichida eng keskin darajaga yetgan. «Xitoy Kommunistik partiyasi allaqachon Tayvanga bostirib kirish uchun yetarli kuchlarga ega, biroq buning uchun to‘lash kerak bo‘ladi. 2025 yilga kelib to‘lash narxi past bo‘ladi va buning uchun mo‘ljallangan kuchlar to‘liq tayyor bo‘ladi», — deydi Gochjen.

Xabarga ko‘ra, 2025 yilga kelib, 075 loyihasining universal desantchi hujum kemalari flotga qo‘shilishi tufayli kuchlar balansi XXOA foydasiga yanada o‘zgaradi. Hozirgi vaqtda bunday kemalardan biri — Xaynan, XXOA janubiy floti tarkibida o‘z vazifasini bajarmoqda, ikkinchisi dengiz sinovlaridan o‘tmoqda, uchinchisi esa qurilish bosqichida. — TASS.

Tayvan 1949 yildan buyon o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelgunga qadar materikda mavjud bo‘lgan Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qolmoqda. Pekin orolni XXR provinsiyalaridan biri deb hisoblaydi.


Shuningdek:

  • Benjamin List va Devid Makmillan molekulalarning yangi hamda aniq tuzilishini — organokatalizni kashf qilgani uchun kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti bilan taqdirlandi.
  • Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov bir kunning o‘zida messenjer foydalanuvchilari soni 70 mlnga ko‘payganini ma’lum qildi. U Shimoliy va Janubiy Amerikadagi foydalanuvchilar ommaviy ravishda Telegram`ga o‘ta boshlashganini ta’kidladi. «Boshqalar sizga pand berayotgan bir vaqtda biz sizni uyaltirib qo‘ymaymiz», — deydi Durov.