O‘zbekistonning Kobuldagi elchisi Yodgorxo‘ja Shadmonov «Tolibon» Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri etib tayinlangan Mavlavi Amir Xon Mottakiy bilan uchrashdi. Bu haqdagi xabar 1 oktabr kuni afg‘on tashqi siyosat mahkamasi rasmiy vakili Muhammad Naim tomonidan Tvitterga joylashtirildi.

«Uchrashuv mobaynida tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni, shuningdek, Mozori Sharif aeroportini rekonstruksiya qilish hamda Toshkent va Kobul o‘rtasidagi parvozlarni qayta tiklash masalalarini muhokama qilishdi. Parvozlar boshlanishi haqida ijobiy suhbat bo‘ldi», — deyiladi xabarda.

Unda, shuningdek, Mottaki O‘zbekistonning Afg‘onistondagi diplomatik missiyasi rahbariga minnatdorchilik bildirgani, mamlakatlar o‘rtasidagi «ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga chaqirgani»ni ta’kidlanadi.

17 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidagi nutqida Afg‘onistonning yangi hukumati bilan muloqot o‘rnatishga chaqirib, chet el banklaridagi afg‘on aktivlarini qaytarishni taklif qildi.

Shavkat Mirziyoyev 21 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida qilgan nutqida «hozirgi qiyin davrda Afg‘onistonning izolyatsiyasiga yo‘l qo‘ymaslik va uni mavjud katta muammolar bilan yolg‘iz qoldirish kerak emasligini» ma’lum qildi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston masalasida «BMTning rolini kuchaytirish kerak va uning ovozi har qachongidan ham balandroq yangrashi lozim».