Gruziyaning sobiq prezidenti Mixaila Saakashvili ushlandi va qamoqqa olindi. Bu haqda RIA Novosti Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashviliga tayanib xabar qildi.

«Huquqni muhofaza qiluvchilarimizda uning Ukrainadan boshlab Gruziyaga qadar harakatlanishi haqida dastlabki ma’lumot bor edi», — deya ma’lum qildi hukumat rahbari.

TV Pirveli telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, siyosatchini Tbilisidagi uylardan birida qo‘lga olishgan. Hozirda Mixail Saakashvili Tbilisidan bir necha o‘n kilometr masofadagi Rustavi shahridagi qamoqxonada.

Hibsga olishdan oldin sobiq prezident o‘z Facebook sahifasida ushlashlariga yo‘l qo‘yib bergani aks etgan videoyozuvni e’lon qildi va 2 oktabrda Gruziyada bo‘lib o‘tadigan munitsipal saylovlarda ishtirok etishga chaqirdi. «Ovoz bering, uchinchi kuni hammamiz birgalikda g‘alabani nishonlaymiz. Men sizga yordam berish uchun keldim, boshqa ilojimiz yo‘q edi. Men hech narsadan qo‘rqmayman va sizni ham qo‘rqmaslikka chaqiraman», — deb yozdi Saakashvili.

Mixail Saakashvili 2004 yildan 2013 yilgacha Gruziya prezidenti bo‘lgan va o‘z vakolat muddati tugashidan biroz oldin mamlakatni tark etgan. Shundan so‘ng unga nisbatan to‘rtta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, ulardan ikkitasiga sud hukmi chiqarilgan. 2018 yilda bankir Sandro Girgvlianining o‘ldirilishi va deputat Valeriy Gelashvilining kaltaklanishi bo‘yicha Saakashvili sirtdan sud qilindi. Birinchisida u uch yilga, ikkinchisida olti yilga ozodlikdan mahrum etildi.

2020 yildan beri Mixail Saakashvili Ukraina islohotlar qo‘mitasini boshqarib kelmoqda; bir yil oldin prezident Vladimir Zelenskiy unga Ukraina fuqaroligini qaytarib berdi. Zelenskiyning matbuot kotibi Sergey Nikiforov mamlakat rahbari «Gruziyada eshitiladigan bunday yangiliklar va bayonotlar ohangidan» xavotirda ekanini qayd etib, konsullar Saakashviliga «barcha kerakli yordam»ni ko‘rsatishga harakat qilayotganini qo‘shimcha qildi.