O‘zbekiston yanvar-avgust oylarida xorijdan qiymati 117,4 mln dollarga teng bo‘lgan 1,6 mln dona mobil telefon import qildi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi.

O‘tgan yilning shu davriga nisbatan mobil telefon importi 1,2 mln donaga yoki to‘rt barobarga oshdi.

Xususan, Toshkentga sakkiz oy davomida eng ko‘p — 1 mln 569,3 ming dona telefon import qilingan bo‘lsa, Qoraqalpog‘istonda bu ko‘rsatkich 2 donani tashkil qildi. Shuningdek, eng ko‘p mobil telefon import qilish bo‘yicha Farg‘ona viloyati (42,7 ming dona), Andijon viloyati (15,7 ming dona) hamda Samarqand viloyatlari (6,8 ming dona) ham yetakchilik qilmoqda.

Faqatgina avgust oyining o‘zida xorijdan 236 624 dona mobil telefon import qilingan.

O‘zbekiston 12 ta davlatdan mobil telefonlar import qilgan, lekin telefonlarning katta qismi quyidagi davlatlarga to‘g‘ri keladi:

  • Xitoy — 63 mln.
  • Vetnam — 41,4 mln.
  • Hindiston — 5,9 mln.
  • Qozog‘iston — 5,5 mln.
  • BAA — 960 ming
  • Germaniya — 647 ming
  • Koreya — 60 ming
  • Rossiya — 18 ming AQSh dollari.

Taqqoslash uchun: 2019 yilning yanvar-oktabr oylarida O‘zbekistonga atigi 79,9 ming telefon import qilingan, bu hozirgi ko‘rsatkichdan 20 barobar past.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mobil qurilmalar import qiluvchilariga IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati yuklatilgani ma’lum qilingandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston hududida mobil qurilmalar importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar mobil qurilmalarni respublika hududiga olib kirish sanasidan qat’iy nazar, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun javobgar bo‘ladi.

Joriy yil boshida «Gazeta.uz», IMEI kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazishdan 240 mlrd so‘m mablag‘ kelib tushgani haqida xabar bergandi.