Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul tushlik nafaqat Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida, balki O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham joriy etilishi rejalashtirilgan. Bu haqda amaldagi prezident va O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev 24 sentabr kuni saylovchilar bilan uchrashish uchun Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida aytib o‘tdi.

“Bolalarga bepul tushlikni boshlanishiga Qoraqalpog‘iston, Xorazmdagi sharoitni inobatga olib, shu hududlarda aprobatsiya qilib, yo‘lga qo‘yib olamiz. Biz buni autsorsing tizimida, korrupsiyadan xoli tashkil etishni ishlab chiqamiz. Ochig‘i, hamma yerda sharoit bir xil emas. Maktabda bola qorni ochsa, darsni tashlab, uyiga shoshadi. Qorni to‘q bola yaxshi o‘qiydi”, — deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda “O‘zbekiston 24” jurnalisti Aziza Qurbonova.

Keyinchalik respublikaning barcha hududlarida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish joriy etilishi rejalashtirilgan.

“Bu tizimni boshqa joylarda ham qilamiz. Albatta, bu juda qiyin, ammo biz bolalarimizga shuni qilmasak, nima uchun yuribmiz?”, — deya qo‘shimcha qildi prezident.

Avvalroq, Xalq demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisova 22 sentabr kuni sirdaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul nonushtalar tashkil etilishi haqida ta’kidlagan edi. U maktab o‘quvchilari uchun jamoat transportlaridan foydalanish bepul asosda yo‘lga qo‘yilishini ham qo‘shimcha qilgan.

“Gazeta.uz” ushbu tashabbuslarni amalga oshirish uchun davlat budjetining taxminiy xarajatlarini hisoblab chiqqan edi.