Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tuman sudi sudya Temur Hasanovning 4 avgustdagi qaroridan kelib chiqib, poytaxtda besh nafar talabaning o‘limi yuzasidan hukm chiqardi.

Besh talaba shu yilning 27 fevral kuni soat 20:10 atrofida Firdavsiy mahallasining Injobod ko‘chasida ijarada yashagan uyda o‘lik holda topilgan edi. Ularning hammasi Andijon viloyatidan bo‘lgan:

  • Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) ikkinchi bosqich talabasi Mavlonbek Usmonov (2000 yilda tug‘ilgan, Andijon viloyati Buloqboshi tumanida yashagan);
  • TATU ikkinchi bosqich talabasi Rahmatulloh Soliyev (1998 yilda tug‘ilgan, Andijon viloyati Buloqboshi tumanida yashagan);
  • TATU ikkinchi bosqich talabasi Davronbek G‘ofurov. (2000 yilda tug‘ilgan, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida yashagan);
  • Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutining ikkinchi bosqich talabasi Oyatullo Ibragimov (2000 yilda tug‘ilgan, Andijon viloyati Buloqboshi tumanida yashagan);
  • Toshkent shahridagi Inha universiteti birinchi bosqich talabasi Sardor Hakimjonov (2000 yilda tug‘ilgan, Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida yashagan).

Jinoiy ish Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi «a» bandi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish, odam o‘limiga olib kelsa) bilan qo‘zg‘atilgan, biroq keyinchalik 102-moddaning 2-qismiga (ehtiyotsizlik orqasida ikki va undan ortiq odam o‘ldirish — ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) qayta malakalangan.

Ish bo‘yicha Toshkent shahrida yashovchi G. M. (1964 yilda tug‘ilgan) sudlangan. Sud qarorida aytilishicha, u uch xonali uyning qo‘shimcha qismini besh talabaga ijaraga bergan (jami uyda to‘rtta xona bor edi). Biroq rasmiy ijara shartnomasi tuzilmagan.

Bundan tashqari, fojia arafasida «Hududgaz Poytaxt» Yunusobod filiali xodimlari avtonom gazli suv isitgichini (AGV) tekshirishgan va xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasdan ishlatilayotganini qayd etishgan. Shuningdek, ular isitish pechi dudburonining nosozligi haqida xabar berishgan va bug‘ qozonini «Hududgaz» xodimlari vityajka sozligini tekshirgandan keyingina gaz tarmog‘iga ulash kerakligi bo‘yicha ogohlantirishgan.

Shunga qaramasdan, keyingi kuni G. M. talabalarga go‘yoki gaz xizmati xodimlari bilan telefonda gaplashgani va ular og‘zaki ravishda o‘zlari isitish pechi dudburonini sozlashlari mumkinligini aytganini ma’lum qilgan.

2021 yil 15 martda o‘tkazilgan keng qamrovli ekspertiza yakuniy xulosasiga ko‘ra, barcha talabalarning tanasida 55% dan 73% gacha karboksigemoglobin topilgan, ularning o‘limi is gazidan o‘tkir zaharlanish keltirib chiqargan o‘tkir nafas olish va yurak-qon tomir yetishmovchiligi tufayli sodir bo‘lgan.

Sud majlisida ayol o‘z aybini tan olmadi va suddan uni oqlashni so‘radi.

Sudya G. M.ni Jinoyat kodeksining 102-moddasi 3 -qismi (ehtiyotsizlik orqasida ikki va undan ortiq odam o‘ldirish) bilan aybdor deb topdi va unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.

Ayolga 20:00 dan 7:00 gacha uydan chiqish, nazorat organining ruxsatisiz yashash manzilini o‘zgartirish, kafe va barlarga tashrif buyurish, Toshkent viloyati hududidan chiqib ketish va spirtli ichimliklar iste’mol qilish taqiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu favqulodda vaziyatdan keyin bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev talabalarning yashash sharoitlari va harakatini monitoring qilishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan edi. Ijaraga olingan uylarda yashayotgan talabalarning yashash sharoitlarini o‘rganish uchun har bir hududda ishchi guruhlar tuzilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Aprel oyida prezident boshchiligidagi videoselektor yig‘ilishida 130 mingdan ortiq universitet talabalari ijaraga olingan kvartiralarda yashayotgani qayd etildi. Bu masalani hal qilish uchun hukumat ijara haqining yarmi davlat tomonidan qoplashni nazarda tutuvchi dastur tayyorlamoqda, dedi Shavkat Mirziyoyev.