MY5 telekanali ma’muriy javobgarlikka tortildi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi.

Ma’lum qilinishicha, 11 avgust kuni Intellektual mulk agentligiga “O‘zbekiston kino ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi” o‘z a’zolarining mualliflik huquqi va turdosh huquqlarini himoya qilishda amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha murojaat qilgan.

Murojaatda “Mening yurtim” telekanali tomonidan assotsiatsiyasining o‘z a’zolariga tegishli bo‘lgan kinofilmlar ularning ruxsatisiz va shartnoma tuzmasdan efirga uzatilgani ta’kidlangan.

Mazkur ma’muriy ish materiallari Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, “Mening yurtim” telekanalining mansabdor shaxsiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-(1)-moddasi (Mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish) bilan ma’muriy jarima jazosi qo‘llanilgan.

Ushbu modda bilan mansabdor shaxsga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solish mumkin. Shunga ko‘ra, 1 mln 350 mingdan 2 mln 700 ming so‘mgacha miqdorda jarima qo‘llaniladi.