Bugun ertalab O‘zbekistonga janubiy Ural hududlaridan salqin havo kirib keldi. Quruq, ammo salqin havo massasining kirib kelishi harorat fonining iqlimiy ma’yorlargacha pasayishida aks etdi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet matbuot xizmati.

Bugun kunduz kuni respublika hududining katta qismida harorat 26−29° ni, shimolda 22−25° ni, respublika janubida 32−35° ni tashkil etadi. Mamlakatning barcha hududlarida asosan kam bulutli ob-havo saqlanib turadi.

Haftaning katta qismida O‘zbekiston bo‘yicha asosan shunday quruq va salqin ob-havo hukumronlik qiladi. Havo harorati kechalari 10−15°, kunduz kunlari 26−31° atrofida bo‘ladi. Bunday ob-havo O‘zbekiston bo‘yicha sentabr oyi oxiri uchun xosdir.

Hafta oxiriga kelib, antitsiklon periferiyasi Qozog‘iston hududiga chekina boshlaydi. Havo harorati yana ko‘tariladi va hafta oxiriga 32−35° ni tashkil etadi.

24 sentabr kuni respublika shimolida shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi mumkin.