13 sentabr kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti «Milliy qo‘shiqchilik» kafedrasi professori, O‘zbekiston xalq artisti, sozanda O‘lmas Rasulov vafot etdi. Bu haqda madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘lmas Rasulov 1951 yilda Denov tumanida tug‘ilgan. 1976 yilda Toshkent Konservatoriyasini tamomlagan. Bir necha yillar davomida Buxoro musiqa bilim yurti, Toshkent konservatoriyasi, Hamza nomidagi respublika musiqa kollejida faoliyat yuritgan.

Buxoro davlat universitetida dotsent va kafedra mudiri, «Zarafshon» ansamblida sozanda, «O‘zbeknavo» birlashmasi Buxoro viloyati bo‘limi badiiy rahbari, «Dutorchi qizlar» ansambli maslahatchisi lavozimlarida ishlagan.

O‘lmas Rasulov repertuaridan Shashmaqom, Farg‘ona-Toshkent yo‘llariga oid ko‘plab mumtoz va an’anaviy kuylar o‘rin olgan. Xonanda sifatida esa «Sodirxon Ushshog‘i», Mashrab g‘azali bilan «Sig‘madim», «Or yig‘laydi» kabi ashulalar, Buxoro yo‘llaridan «Zaboniy», «Javoniy», «Gul rezi» kabi asarlar bilan tanilgan.