Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Yusup Kabuljanov «Gazeta.uz»ga afg‘onistonlik harbiy xizmatchilar va fuqarolar O‘zbekistondan olib chiqilganini tasdiqladi.

Avvalroq Reuters agentligi AQSh o‘tgan yakshanba kuni afg‘on uchuvchilarini O‘zbekistondan olib chiqishni boshlagani haqida xabar qilgan edi.

«Afg‘onistondagi so‘nggi voqealar tufayli bir guruh sobiq harbiy xizmatchilar va Afg‘oniston fuqarolari O‘zbekiston davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan va qo‘lga olingan edi. 12−13-sentabr kunlari O‘zbekiston hududida joylashgan barcha afg‘on fuqarolari boshqa mamlakatga evakuatsiya qilindi», — deya ma’lum qildi Yusup Kabuljanov.

Eslatib o‘tamiz, qariyb bir oy muqaddam afg‘on uchuvchilari Afg‘oniston havo kuchlarining vertolyot va samolyotlarida O‘zbekistonga uchib o‘tgan edi. 16 avgust kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 585 qurollangan afg‘on harbiylari bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot mamlakat havo hududini noqonuniy kesib o‘tgani haqida xabar berdi (keyinchalik xabar to‘liq tasdiqlanmagan deyildi). O‘shanda kuzatib borish vaqtida O‘zbekistonning MiG-29 va Afg‘onistonning Embraer 314 samolyotlari to‘qnashib ketgandi.

Avgust oyi oxirida WSJ rasmiy shaxslarga tayanib, O‘zbekiston hukumati AQShni bir guruh yuqori malakali afg‘on uchuvchilari va ularning oilalarini mamlakatdan chiqarib yuborishga to‘g‘ri kelayotganidan ogohlantirgani haqida yozgan edi. Nashr buni «Tolibon» avgust oyi o‘rtasida O‘zbekistonga uchib o‘tgan harbiy samolyot va vertolyotlarni qaytarishni talab qilayotgani bilan bog‘ladi.

WSJ 46 ta harbiy samolyot va vertolyotlar, jumladan Embraer EMB 314 Super Tucano, UH-60 Black Hawk, MD-530, PC-12 va Mi-17 taqdiri noma’lumligicha qolayotganini qayd etdi.