Hukumat qarori bilan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Abduhakimov Xodjayevga Toshkent davlat agrar universiteti rektori vazifasini bajarish yuklandi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati. U Botir Sulaymonov o‘rniga ushbu lavozimni egalladi.

Jamshid Xodjayev (1979 yil tug‘ilgan) — Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (2000) va Buyuk Britaniya Birmingem universiteti (2003) bitiruvchisi.

Faoliyatini 2000 yilda bank tizimida boshlagan. 2017 yilda O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Shu yilning avgustida Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari, 2017 yilning noyabrida — tashqi savdo vaziri bo‘ldi. 2019 yilning yanvaridan Qishloq xo‘jaligi vazirligini boshqarib kelmoqda.