9 sentabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining navbatdagi s’ezdida 2021 yilgi prezidentlik saylovlariga partiya siyosiy kengashi a’zosi, amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevni nomzod sifatida tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

Partiya yetakchisi Aktam Hayitov O‘zLiDeP 10-s’ezdi delegatlarini Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Nomzodning prezidentlik davrida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumoti hamda kelgusi davrda ijro qilinishi ko‘zda tutilayotgan rejalariga bag‘ishlangan nutqidan so‘ng, s’ezd delegatlari uni ma’qulladi. Shavkat Mirziyoyev nomzodini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashdi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» amaldagi prezidentning saylovoldi dasturi haqida batafsil ma’lumot berib bordi.

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati — o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.

Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi.

1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi.

1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi, 1996−2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001−2003 yillarda Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlagan.

Shavkat Mirziyoyev 2003 yilda O‘zbekiston bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta — 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.

2016 yil 8 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida parlament palatalarining qo‘shma qaroriga muvofiq O‘zbekiston prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha bosh vazir Shavkat Mirziyoyev zimmasiga yuklandi.

19 oktabr kuni Toshkentda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII s’ezdida partiya siyosiy kengashi a’zosi Shavkat Mirziyoyev nomzodini prezidentlikka tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi. 2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi yakunlari bo‘yicha saylovchilarning 88,61 foiz ovozi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. 2016 yil 14 dekabrda rasman o‘z vazifasini bajarishga kirishdi.

Shavkat Mirziyoyev oilali, ikki qiz, bir o‘g‘li, olti nafar nabirasi bor. Rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva — mutaxassisligi bo‘yicha muhandis-iqtisodchi.

U davlat va boshqaruv organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini yuksaltirish ishiga ulkan hissa qo‘shgani uchun «Mehnat shuhrati» va «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari bilan taqdirlangan.