Shavkat Mirziyoyev transport yo‘nalishida oldinda ikkita eng muhim vazifa turganligini ma’lum qildi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar berdi.

“Avvalambor, Toshkent va yirik shaharlar o‘rtasida kunlik qatnovlar bo‘yicha uzog‘i bilan 6−7 soatda manzilga yetib borish va qaytib kelish imkoniyati ярат́илади”, — dedi prezident.

Davlat rahbari temir yo‘llarini elektrlashtirish darajasi amaldagi 40 foizdan 60 foizga oshirilishini ta’kidladi.

“Toshkent — Urganch yo‘nalishi bo‘yicha tezyurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, yuk tashish xarajatlarini kamida 30 foizga pasaytirishimiz, tranzit hajmini 15 million tonnaga yetkazishimiz shart”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, 24 iyul kuni O‘zbekistonga Ispaniyaning Bilbao shahridan jo‘natilgan “Afrosiyob” poyezdi Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida vagonlari yig‘ilib, yaxlit holatga keltirilganidan so‘ng, temir yo‘l orqali olib kelindi.