Eron Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (SHHT) qo‘shiladi. SHHTga qo‘shilish jarayonlarining boshlanishi Tojikistonda bo‘lajak sammitda e’lon qilinadi, deb RIA Novosti «Kommersant’»ga tayanib xabar bermoqda.

SHHT sammiti 16−17 sentabr kunlari Dushanbeda bo‘lib o‘tadi. Tadbirda Eronning yangi prezidenti Ibrohim Raisi ishtirok etishi kutilmoqda.

«Tez orada tashkilotning to‘qqiz a’zosi bo‘ladi. Dushanbeda bo‘ladigan sammitda davlat rahbarlari o‘z saflariga Eronni qabul qilishni boshlashganini e’lon qilishlari kerak», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, SHHTga a’zo bo‘lish jarayoni biroz ko‘proq vaqtni olishi mumkin.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti — Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari tomonidan asos solingan doimiy hukumatlararo xalqaro tashkilot. SHHTni tuzish to‘g‘risidagi deklaratsiya 2001 yil 15 iyunda Shanxayda olti davlat rahbarlarining uchrashuvida imzolangan.