12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga PZR-tekshiruvisiz Turkiyaga kirishga ruxsat berildi

Endilikda, Turkiyaga kirib kelayotgan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalardan PZR-tekshiruvi, emlanganlik to‘g‘risida sertifikat yoki tezkor antigen tekshiruvi talab qilinmaydi. Bu haqda Interfaks respublika IIVga tayanib xabar bermoqda. Ilgari, ushbu talablardan faqat 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar ozod qilinar edi. Yangi qoidalar sentabr oyining oxirigacha amal qiladi, keyinchalik talablar qayta ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, PZR-tekshiruvidan Turkiyaga kirishdan kamida 14 kun oldin koronavirusga qarshi to‘liq emlanganlar yoki oxirgi olti oy ichida kasallikdan davolanib chiqqan yo‘lovchilar ozod qilinadi.


Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha so‘nggi xabarlar:

Mamlakatdagi vaziyat:

  • «Tolibon» olti oydan so‘ng saylov o‘tkazib, «rasmiy Vazirlar Mahkamasini» tuzishni rejalashtirmoqda. The Khaama Press’ning yozishicha, «Afg‘onistonning doimiy hukumati — rasmiy Vazirlar Mahkamasi saylov natijalari va xalqning irodasi asosida tuziladi». Ungacha seshanba kuni e’lon qilingan muvaqqat hukumat faoliyat ko‘rsatadi.
  • Afg‘onistonning Tojikistondagi elchisi Muhammad Zohir Agbar toliblar tuzgan hukumatni «noqonuniy» deb atab, jahon hamjamiyatini uni tan olmaslikka chaqirdi. «Men „Tolibon“ bilan inson huquqlarini hurmat qilmaguncha va inklyuziv hukumat tuzmaguncha hamkorlik qilmayman», — dedi elchi.
  • Afg‘onistonning yangi hukumati rahbari mulla Muhammad Hasan Oxund mamlakatning sobiq amaldorlariga uylariga qaytishni so‘rab murojaat qildi, shuningdek, ularning xavfsizligini ta’minlashga va’da berdi. «Biz sobiq amaldorlarni mamlakatga qaytishga chaqiramiz, ularning xavfsizligiga kafolat beramiz», — dedi Oxund.
  • Toliblar ruxsat berilmagan har qanday norozilik namoyishlarini taqiqladilar. Sky News’ning ma’lumotlariga ko‘ra, bundan buyon har qanday norozilik harakati faqat Afg‘oniston Adliya va Ichki ishlar vazirliklari bilan oldindan kelishilgan holda amalga oshirilishi mumkin. Shu bilan birga, ushbu qoidaga rioya qilinmagan taqdirda, oqibatlar uchun javobgarlik to‘liq harakat tashkilotchilariga yuklatiladi. Ko‘rsatma Kobul va Afg‘onistonning boshqa hududlariga taalluqlidir.
  • Afg‘oniston sobiq prezidenti Ashraf G‘ani mamlakat fuqarolaridan katta miqdordagi pulni olib chiqib ketdi, degan ayblovlarni rad etdi. «Men Kobuldan afg‘on xalqiga tegishli millionlab dollarlarni olib ketganim haqidagi barcha asossiz ayblovlarga javob berishim kerak. Bu da’volar mutlaqo noto‘g‘ri. Korrupsiya — bu o‘nlab yillar davomida mamlakatimizni vayronaga aylantirgan vabo va unga qarshi kurash prezident sifatida mening diqqat markazimda bo‘lib kelgan», — deyiladi uning bayonotida. Bundan tashqari, siyosatchi so‘zlarining to‘g‘riligini va «moliyaviy tozaligini» tasdiqlash uchun «rasmiy tekshiruvlar va BMT yoki boshqa har qanday mustaqil organ nazorati ostida moliyaviy tekshiruvlar o‘tkazishga» tayyorligini ma’lum qildi. G‘ani, shuningdek, Afg‘onistonni tark etish qarori hayotidagi eng qiyin bo‘lganini ta’kidladi. «Ammo men bu qon to‘kilishining oldini olish hamda Kobulni va uning olti million aholisini qutqarish uchun qilingan yagona to‘g‘ri qaror ekanligiga ishonardim», deb yozmoqda sobiq prezident o‘zining Twitter’dagi sahifasida.

Afg‘oniston va dunyo hamjamiyati:

  • Ma’lum qilinishicha, 16−17 sentabr kunlari Dushanbeda bo‘lib o‘tadigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida Afg‘oniston vakillari qatnashmaydi. «Afg‘oniston vakillari SHHT sammitida qatnashmaydi. «Buning sababi shundaki, bugungi kunda tashkilotga a’zo davlatlarda Afg‘onistonning yangi hukumati hali rasman tan olinmagan», — deya tushuntiradi TASS’ning manbasi.
  • Qozog‘iston, birinchi navbatda, o‘tkir gumanitar muammolarni hal qilish uchun Afg‘onistonning yangi hukumati bilan konstruktiv ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishga tayyor. Bu haqda mamlakat prezidenti Qosim-Jomart Tokayev ma’lum qildi. «Qozog‘iston Afg‘onistonni o‘zi va qo‘shnilari bilan tinch-totuv yashaydigan, barqaror, suveren va birlashgan davlatga aylanishi kerak deb hisoblaydi. Biz yangi hukumat bilan konstruktiv ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishga tayyormiz, birinchi navbatda, bu gumanitar muammolarni hal qilish uchun kerak. Xalqaro hamjamiyat hozirgi burilish nuqtasida Afg‘onistonni hozirgi qiyinchiliklar bilan yolg‘iz qoldirmasligi kerak», deya keltiradi prezident matbuot xizmati rahbari Berik Uali Tokayevning so‘larini.
  • «Tolibon» 31 avgustgacha Afg‘onistondan chiqib keta olmagan AQShning 200 nafar fuqarosi va boshqa chet elliklarga mamlakatni tark etishga ruxsat beradi. Evakuatsiya payshanba kuni Kobul aeroportidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

KXSHT o‘z kuchlarini zamonaviy qurol va texnika bilan jihozlashi mumkin

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) davlatlari kollektiv kuchlarni zamonaviy qurol va texnika bilan jihozlash rejasini tayyorlamoqda. Bu haqda Interfaks Rossiya bosh vazirining o‘rinbosari Yuriy Borisovga tayanib xabar bermoqda. «Menimcha, KXSHT tezkor kollektiv kuchlarini zamonaviy qurol-yarog‘, harbiy va maxsus texnika, maxsus vositalar bilan jihozlash rejasini imzolashga tayyorgarlik ko‘rishda o‘ta muhim ahamiyatga ega», — dedi Borisov.

KXSHTga Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston kiradi. 2021 yilda tashkilotga Tojikiston raislik qilmoqda. KXSHT tezkorlik kollektiv kuchlariga ega.


Suriyaning sobiq vitse-prezidenti Rifat Asad to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etildi

Parij apellyatsiya instansiyasi sudi amaldagi Suriya rahbarining amakisi — mamlakat sobiq vitse-prezidenti Rifat Asadga chiqarilgan hukmni o‘z kuchida qoldirdi. Bu haqda TASS AFP’ga tayanib yozmoqda. 2020 yil o‘rtalarida Asad 1983−1984−2016 yillarda noqonuniy yo‘l bilan pul mablag‘larini o‘zlashtirish, ko‘chmas mulk sohasidagi moliyaviy qonunbuzarliklar va Suriya davlat mablag‘laridan noqonuniy foydalanish ayblari bilan to‘rt yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

2019 yil dekabr oyida Fransiya milliy moliya prokuraturasi Rifat Asadni to‘rt yillik qamoq jazosiga hukm qilishni so‘ragan edi. Prokuror, shuningdek, undan Fransiyadagi barcha ko‘chmas mulk obyektlarini musodara qilishni so‘ragan. Ma’lumotlarga, ushbu ko‘chmas mulk qiymati 90 mln yevroga baholanmoqda.

Rifat Asad — respublikani 1971−2000 yillarda boshqargan, sobiq Suriya prezidenti Hafiz Asadning ukasidir. 1983 yilda akasining kasalligi fonida davlat to‘ntarishini uyushtirishda qatnashgan. Ko‘p o‘tmay, u mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi va o‘sha paytdan beri Yevropada yashamoqda. U o‘zini Damashqdagi rejimga muxolifat sifatida ko‘rsatmoqda.

Rifat Asad Yevropada, asosan Ispaniya, Buyuk Britaniya va Fransiyada «ko‘chmas mulk imperiyasini» noqonuniy tuzishda gumon qilinmoqda. Manbalarga ko‘ra, bu mulklar 800 mln yevroga baholanmoqda. Bundan tashqari, Asad Ispaniyada ham jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin — u 500 ta mulkka noqonuniy egalik qilishda gumon qilinmoqda.


KXDR tashkil etilganining 73 yilligiga harbiy parad bo‘lib o‘tdi

8 sentabr kuni KXDRda davlat tashkil etilganining 73 yilligi bag‘ishlangan harbiy parad bo‘lib o‘tdi. Tadbirda respublika rahbari Kim Chen In ishtirok etdi, lekin u an’anaviy nutq so‘zlamadi. Uning o‘rninga partiya qo‘mitasi kotibi Li Il Xvan so‘zga chiqdi.

«Respublika hukumati xalqimizning qadr-qimmati va asosiy manfaatlarini qat’iy himoya qiladi va har qanday holatda mustaqillik va o‘zini rivojlantirish tamoyili asosida hamma narsani o‘zi hal qiladi», — dedi Xvan. «Biz har tomonlama xalq armiyasini kuchaytiramiz, mudofaa sanoatini yuqori darajadagi va modernizatsiya qilingan asosga qo‘yamiz», — deya qo‘shimcha qildi u.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, paradda, yangi qurollar kabi, bu safar ballistik raketalar ham namoyish etilmadi. Rasmlarga qaraganda, maydondagi askarlar yurishida to‘q sariq rangdagi himoya kombinezonlari, gazniqoblar va boshqa tibbiy respiratorlardagi odamlar qatnashgan. Parad bayramona mushakbozlik bilan yakunlandi.

Shimoy Koreyaning milliy bayrami munosabati bilan Kim Chen Inga Xitoy, Rossiya, Vetnam, Kuba, Laos va Livan rahbarlari tabrik yo‘llagan.

Foto: Nodon sinmun


Foto: Nodon sinmun

Foto: Nodon sinmun


Shuningdek:

  • Eron Shanxay Hamkorlik Tashkiloti a’zosi bo‘lishi aytilmoqda. 16−17 sentabr kunlari Tojikistonda bo‘ladigan sammitda uning tashkilotga qo‘shilish jarayonlarining boshlanishi mumkin.
  • Yaponiya bosh vaziri Yosixide Suga sentabr oyida hukumat rahbari sifatida muddati tugagandan so‘ng, Yaponiya parlamentining quyi palatasiga keyingi saylovlarda ishtirok etishni rejalashtirayotganini aytdi. «Hozirda menda shunday rejalar bor», — dedi Suga. 3 sentabr kuni Yaponiya bosh vaziri 29 sentabrda bo‘lib o‘tadigan Liberal-demokratik partiyasi rahbari saylovida qatnashmasligini e’lon qilgan edi.