O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov vafotidan keyin 2016 yilning 8 sentabr kuni O‘zbekiston parlamenti palatalarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tgan edi. Unda mamlakatning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri hisoblangan Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston prezidenti vazifa va vakolatlarini vaqtincha yuklatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan. Daryo nashri «O‘zbekiston» telekanali ushbu majlis haqida tayyorlagan reportajni to‘liq matnlashtirdi. Ushbu majlisdan qisqa iqtiboslarni keltiramiz.

Majlisni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov olib borgan. Majlis boshida qatnashchilar Islom Karimovning xotirasi uchun sukut saqlashgandi.

Videolavha: «O‘zbekiston» telekanali.

Dastlab Oliy Majlis Senatining o‘sha vaqtdagi raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev so‘zga chiqqan.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 96-moddasiga binoan O‘zbekiston prezidenti o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha Oliy Majlis Senati raisining zimmasiga yuklatiladi. Ammo ushbu yig‘ilishda Nig‘matilla Yo‘ldoshev prezidentlik vazifasini o‘z zimmasiga ololmasligini, bunga tajribasi yetmasligini aytadi.

«Men mehnat faoliyatim davomida asosan prokuratura va adliya organlarida ishlaganman, biroq davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa idoralaridagi rahbarlik lavozimlarida yetarli tajribaga ega emasman. Bir yarim yil mobaynida Senat raisi lavozimida orttirgan tajribam mamlakatning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishiga, jamoat xavfsizligini ta’minlashga doir muhim masalalarni hal etish uchun yetarli emas, deb o‘ylayman. Yuqoridagilarga asosan va O‘zbekiston Respublikasi prezidentining vazifalarini vaqtincha bajarib turish qanchalik katta mas’uliyat ekanligini to‘liq va chuqur anglagan holda, sizlardan bu vazifa va vakolatlarni bajarishni menga yuklamasliklaringizni iltimos qilaman», — degan edi u.

Videolavha: «O‘zbekiston» telekanali.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev prezidentning vazifa va vakolatlarini vaqtincha bajarishga o‘sha vaqtdagi mamlakat bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev har tomonlama munosib, deb hisoblashini ta’kidlab, majlis ishtirokchilaridan O‘zbekiston prezidentining vazifa va vakolatlarini Shavkat Mirziyoyev zimmasiga vaqtincha yuklash to‘g‘risidagi taklifini qo‘llab-quvvatlashlarini so‘raydi.

Shundan so‘ng kun tartibidagi masala bo‘yicha qator amaldorlar, partiyalar rahbarlari, deputatlar va senatorlar hamda hokimlar so‘zga chiqishgan va Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshevning taklifini qo‘llab-quvvatlashgan.

So‘zga chiqqanlarning to‘liq ro‘yxati (lavozimlar o‘sha davrdagi holat bo‘yicha — tahr.):

  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, O‘zLiDeP Siyosiy kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Sodiqjon Turdiyev;
  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Sarvar Otamurotov;
  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Hotamjon Ketmonov;
  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi raisi Narimon Umarov;
  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, O‘zbekiston Ekologik harakati Markaziy kengashi raisi Boriy Alixonov;
  • Oliy Majlis Senatining qo‘mita raisi Sodiq Safoyev;
  • Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi — O‘zbekiston Senati raisi o‘rinbosari Musa Yerniyazov;
  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitasi raisi Akmal Saidov;
  • Fanlar akademiyasi prezidenti, Senat a’zosi Shavkat Solihov;
  • Samarqand viloyati hokimi, Senat a’zosi Zoir Mirzayev;
  • «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashi raisi Bahodir G‘aniyev;
  • Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji direktori, Senat a’zosi Agrippina Shin;
  • Toshkent viloyati Bo‘ka tumani «Yoqutxon Said» fermer xo‘jaligi rahbari Saidislom Saydullayev;
  • Andijon viloyati hokimi, Senat a’zosi Shuhratbek Abdurahmonov;
  • O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi o‘rinbosari, Senat a’zosi Iqbol Mirzo;
  • Toshkent shahar hokimi, Senat a’zosi Rahmonbek Usmonov;
  • «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi — bosh direktori, Senat a’zosi Aleksandr Farmonov;
  • Buxoro viloyati hokimi, Senat a’zosi Muhiddin Esonov;
  • Qashqadaryo viloyati hokimi, Senat a’zosi Zafar Ro‘ziyev;
  • Navoiy viloyati hokimi, Senat a’zosi Erkinjon Turdimov;
  • «Qoraqalpog‘iston tongi» gazetasi bosh muharriri, Senat a’zosi Guliston Annaqilicheva;
  • Surxondaryo viloyati hokimi, Senat a’zosi Tojimurod Mamarayimov;
  • O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi rahbari, Senat a’zosi Enaxon Siddiqova;
  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abduqodir Toshqulov;
  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavludaxon Xo‘jayeva;
  • O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — moliya vaziri Rustam Azimov

Qonunchilik palatasi deputati Akmal Saidov o‘sha majlisdagi chiqishida ushbu qarorning huquqiy asoslar mavjudligini ta’kidlagan edi.

Videolavha: «O‘zbekiston» telekanali.

«Senat raisi prezidentning vazifa va vakolatlarini vaqtincha o‘z zimmasiga olmasligini taqiqlovchi biror bir na konstitutsiyaviy, na huquqiy cheklov yoki norma yo‘q. Bu — Senat raisining erkin kasb tanlash huquqidir. Bu Asosiy qonunimizning 37-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan», — degan edi u.

O‘sha vaqtlarda Samarqand viloyati hokimi lavozimida ishlagan Zoir Mirzayev ham Senat raisi tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, Shavkat Mirziyoyevning ishlash tizimiga to‘xtalgan edi.

«…Shavkat Miromonovich „Biz, ijro organi, kabinetda mebelga qorovullik qiladigan mansabdor emasmiz, biz xalqning xizmatkorimiz, pastga tushinglar, rahbarlar“, degan narsani aytadi. Va bu narsani oddiy so‘z bilan emas, yuraklaridan chiqarib, pastdagi xalqning ahvolini haqiqatda bilgan, ko‘zi bilan ko‘rgan, o‘sha bilan yashayotgan fidoiy rahbar sifatida bizga uqtiradilar», — degan edi Zoir Mirzayev.

O‘sha vaqtdagi moliya vaziri Rustam Azimov Shavkat Mirziyoyevning ko‘p fazilatlari borligi, ularning ichida birinchisi «Vatanni sevish fazilati» ekanligini ta’kidlagandi.

Videolavha: «O‘zbekiston» telekanali.

«Davlatning rahbari har bir masalani — bizga buni yurtboshimiz Islom Abdug‘aniyevich o‘rgatganlar — tagiga yetib, keyin aniq qaror berish juda muhim va shu nuqtai nazardan Shavkat Miromonovichni, mana, ko‘p odamlar so‘zga chiqdi, qishloq xo‘jaligi bo‘ladimi, fan bo‘ladimi, sanoat bo‘ladimi, ta’lim tizimi, tibbiyot tizimi, har bir sohaning ichiga, tagiga yetib, uni chuqur bilib, anglab o‘zlarining yondashuvlarini belgilab, keyin qaror beradilar», — deydi u.

Shuningdek, Azimov Shavkat Mirziyoyevning yana bir fazilati ishchanlik ekanligini aytadi.

«Hukumat a’zosi sifatida aytishim mumkin, kechasi soat 2:00 da ham telefon qiladilar, topshiriqlar berib. Ertalab biz ishga kelganda, savollar bo‘ladi, „ulab beringlar“ deb so‘raganimizda, „yo‘q“ deyishadi — ertalab soat 6:00 dan selektor o‘tkazyaptilar. Kechasi 2:00 da topshiriq, ertalab soat 6:00 dan qishloq xo‘jaligi yoki boshqa masalalar bo‘yicha selektor o‘tkazadilar. Bunaqangi ishchanlikni nafaqat bizning davlatimizda, balki dunyoda ham kamdan-kam ko‘rish mumkin», — deydi Rustam Azimov.

Bundan tashqari, sobiq moliya vaziri o‘sha yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyevni Islom Karimovning haqiqiy shogirdi va siyosiy farzandi deb atagan edi.

«Har bitta qarorlarida Shavkat Miromonovich birinchi galda oddiy odamlarning manfaatlarini o‘ylaydilar. Qog‘ozda emas, chiroyli shiorlarda emas, amalda. Aytmoqchimanki, Shavkat Miromonovich yurtboshimizning haqiqiy, sodiq shogirdi bo‘lganlar va bo‘lib qolyaptilar. Shavkat Miromonovich yurtboshimizning siyosiy farzandi deb aytsak, menimcha, to‘g‘ri bo‘ladi. Shavkat Miromonovich yurtboshimizning siyosiy merosxo‘ri deb aytsak ham, to‘g‘ri bo‘ladi», — degan edi u.

Shuningdek, majlisda o‘sha vaqtdagi bosh vazir Shavkat Mirziyoyev ham so‘zga chiqdi.

Videolavha: «O‘zbekiston» telekanali.

Mirziyoyev Islom Karimovning faoliyatiga to‘xtalib, «Islom Abdug‘aniyevichga xos bo‘lgan bukilmas iroda — hech qachon bukilmaganlar, fidoyilik, mardlik va vatanparvarlik, insoniylik va adolatparvarlik, samimiylik va mehribonlik kabi olijanob fazilatlar barchamiz uchun yorqin ibrat namunasi bo‘lib qoldi», dedi.

Shavkat Mirziyoyev tarixda birinchi marta bunday muhim yig‘ilish Islom Karimovning ishtirokisiz o‘tkazilganligiga ham e’tibor qaratgandi.

«Go‘yoki xayolimizda u kishi hozir zalga kirib keladigandek bo‘lib turibdi. Hammamizning xayolimizda, men ham o‘tirganimda xuddi muhtaram prezidentimiz bir narsadan kechikib, kirib kelayotgandek bo‘lib turibdi. Hammamizning xayolimizda mana shu fikr desam, o‘ylaymanki, to‘g‘ri qabul qilasizlar», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston konstitutsiyasi tayyorlanish jarayoni haqida ham eslab o‘tgan edi. Uning o‘zi ham Konstititutsiyani tayyorlash guruhi a’zosi bo‘lganligini aytdi.

«Juda katta kurashlar, ko‘p-ko‘p o‘yinlar bo‘lgan. Agar qattiq turib qilmaganlarida, bugungi 25 yillik, bunday tarix, bunday tizim, bunday intizom, bunday e’tirof, dunyo e’tirof qilmas edi. Hozirgidek esimda, SK (O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi) binosida o‘z qo‘llari bilan yozib, 24 varaqni olib kelib bersangiz, 26 varaq qilib, o‘z qo‘llari bilan yozib kelardilar. Bir marta emas, ikki marta emas, o‘n martalab Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashib, shularga ishontirgan. U paytda o‘tirganlarning 80 foizi shu Konstitutsiyaga ishonmas edi, kechirasizlaru, ertangi kunimizga ham ishonmas edi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidentining vazifa va vakolatlarini bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga vaqtincha yuklash masalasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘rtasida o‘tkazilgan ovoz berish natijalarida majlisda qatnashgan 147 deputatning barchasi ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlagan.

Videolavha: «O‘zbekiston» telekanali.

Shundan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev zimmasiga vaqtincha yuklash to‘g‘risidagi qo‘shma qaror qabul qilindi. So‘ngra Shavkat Mirziyoyev yana so‘zga chiqdi.


Videolavha: «O‘zbekiston» telekanali.

«Sizlarni ishontirib aytamanki, Islom Abdug‘aniyevich Karimov bizga vasiyat qilib qoldirgan barcha hayotiy tamoyillarga og‘ishmasdan, qat’iy amal qilaman. U kishining rahbar doimo odamlarning, el-yurtning dardu tashvishi bilan yashashi, ularning orzuniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun huzur halovatdan voz kechib, o‘zini ayamasdan mehnat qilishi kerak, degan dono o‘gitlarini o‘z faoliyatim uchun asosiy mezon va talab sifatida qabul qilaman», — degan edi u.