5 sentyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi davlat Akademik katta teatrida «Lazgi — muhabbat va qalb raqsi» baleti namoyishi bo‘lib o‘tdi. «Gazeta.uz» muxbiri ma’lum qilishicha, ushbu loyihani amalga oshirish va lazgi asosidagi baletni sahnalashtirishga yarim yil vaqt ketgan.

Sahnalashtirish jarayonlariga xorijiy mutaxassislar bilan birga mahalliy san’at ustalari, jumladan, O‘zbekiston xalq artisti, san’at tarixi mutaxassisi, baletmeyster, xoreograf va Xorazmdagi Lazgi maktabi rahbari Gavhar Matyoqubova, Berlin milliy opera va balet maktabi bitiruvchisi, Dortmund baleti xoreorgafi, NRW Juniorballet Dortmund rahbari, balet bosh xoreografi Raul Raymondo Rebek.

Raymondo Rebek namoyishdan bir kun avval bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida baletni sahnalashtirgani u uchun juda katta tajriba bo‘lganini ta’kidlagandi. «Pandora qutisini ochib, O‘zbekistonning xazinasini kashf qilganim men uchun juda katta tajriba bo‘ldi. O‘zimni 3 yillik tarixni o‘zida mujassam etgan maydonga tushib qolganday his qildim», — dedi xoreograf.

«Xorazmga xos bo‘lgan har bir elementni [Raymondo Rebek] joy-joyida ishlatgan. Shuning uchun hammasi insonning o‘ziga bog‘liq ekan. Biror nimani amalga oshiraman desang, qo‘lingdan kelar ekan… Raqqosani Xorazmdan tanladi. U qizimiz balet o‘ynab yurmagan, faqat milliy raqslarni ijro etar edi. Men rad et, sharmanda bo‘lamiz dedim. U bir o‘ynab ko‘ray dedi va oqshom-u kunduz mehnat qildi. [Xoreograf] Xorazmni uzoq hududidan bo‘lgan qizga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, balerinalar safiga qo‘shdi. Shuning uchun men bu inson oldida ta’zim qilaman», — dedi Gavhar Matyoqubova tayyorgarlik jarayonlarini yodga olar ekan.

Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, mazkur baletni jahon sahnalarida, jumladan Parij va boshqa san’at va madaniyat rivojlangan shaharlarda namoyish etish rejalashtirilmoqda. Hozircha aniq muddati noma’lum.

Jamg‘arma taqdim etgan suratlarda O‘zbekiston prezidentining rafiqasi, «Zamin» Xalqaro fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyevaning ham baletga tashrif buyurgani va ijodkorlar bilan suhbatlashib, ularni olqishlaganini ko‘rish mumkin.


Ziroat Mirziyoyeva va Gavhar Matyoqubova.

«Lazgi — muhabbat va qalb raqsi» baleti «Gazeta.uz» fotomuxbiri Yevgeniy Sorochin fotoreportajida:






















Balet bosh xoreografi, Berlin milliy opera va balet maktabi bitiruvchisi Raul Raymondo Rebek.